Tarixdagi eng uzun intervyu, u qancha davom etgan?

Rekord 2011 yilda o‘rnatilgan.
Qisqa - ikki, besh, o‘n besh daqiqalik va boshqa intervyular juda ko‘p. Bundan tashqari, blits-intervyu, bir, ikki yoki uch soat davom etgan qiziqarli uzoq savol-javob formatidagi suhbatlar ham yo‘q emas.
2011 yilda Avstraliyada rekord o‘rnatilib, tarixdagi eng uzun intervyu qayd etildi.
Gap 24 soat davom etgan intervyu haqida ketmoqda.
Sidney radiostansiyalaridan birida, roppa-rosa 24 soat davom etgan noodatiy suhbat 2011 yilning 11 dekabr kuni soat 10:00 da boshlanib, 12 dekabr kuni soat 10:00 da tugadi. Unda avstraliyalik radio boshlovchisi Richard Glover o‘z hamkasbi, yozuvchi Piter Fits-Simonsga savollar berdi.
E’tiborlisi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan radioefirda 24 soat davomida juda ko‘p savollar berildi va bitta ham takroriy savol kuzatilmadi.
“Ginnesning rekordlar kitobi” rasmiylari bunday yutuqni e’tiborsiz qoldirmadi. Jurnalist va uning suhbatdoshi nafaqat sertifikat bilan taqdirlandi, balki ularga shirin sovg‘a ham berildi.