Tarixiy murojaat xalqning farovonligiga xizmat qiladi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2018 yilga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berilishi ham muhim ahamiyatga ega. Harakatlar strategiyasini ushbu yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama etilib, tasdiqlandi. Muhokama jarayonida berilgan takliflar salmoqli ekanligi yurtdoshlarimizda mamlakat taqdiri uchun mas’uliyat oshib borayotganini ko‘rsatdi. Xususan, davlat boshqaruvining tarkibiy qismi bo‘lgan nazorat faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, bu borada OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda qat’iy mezonlarga rioya etiluvchi tizimni shakllantirish, jamoatchilik nazorati salohiyatini oshirish, mahallalardagi muloqotlar mavzu doirasini kengaytirish borasidagi takliflar e’tiborga molik. 
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan davrda yangi fikr, yangi g‘oya va innovatsiyaga tayangan davlat yutadi.

Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z borar ekan, Prezidentimiz "Davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonunni ishlab chiqish vaqti kelganini ta’kidladi. Islohotlar samarasini oshirishda parlament, deputat va senatorlar alohida o‘rin tutishi, lekin amalda ularda faollik va tashabbuskorlik yetishmayotganligi tanqid qilindi.

Erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida o‘rni bor. Ammo aholining muammolarini tizimli o‘rganish, ularni hal etish, ayniqsa, ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash masalalarida bu tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashini tuzish, "Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi qonunni ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. 
Murojaatnomada barcha sohani qamrab olgan bu kabi reja va loyihalar bayon qilindi. Ularning ijrosi hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Shokir FAFFOROV, 
Samarqand davlat tibbiyot instituti professori, 
tarix fanlari doktori.