Tarixning mudhish voqealari yoxud yanglishgan qotillar

Davlat boshliqlari, ko‘zga ko‘ringan siyosiy va jamoat arboblarini o‘ldirishga qasd qilgan fitnachilar hamisha bu bilan adolat qaror toptirishiga ishonishgan. Amalda esa killerlar tarix qo‘lida o‘yinchoqqa aylangan deb yozadi. “Mir novostey” (2020 y, 28-son) haftanomasi.

Taniqli britan siyosiy arbobi Kennet Beyker siyosiy qotilliklarga bag‘ishlangan yangi kitobi ustida ishlar ekan, aql bovar qilmas jumboq bilan to‘qnash keldi. Muvaffaqiyatli suiqasd ko‘pincha kelgusidagi voqealarga kutilganidan kam ta’sir ko‘rsatgan.

Beykerning yozishicha, Margarita Tetcher hukmronligi davrida Buyuk Britaniyani qamrab olgan terroristik to‘lqinni o‘z boshidan kechirgan. 1979 yilda u parlament kutubxonasida bo‘lgan paytda shundoqqina yonida portlash ro‘y berdi. Irland terrorchilari tomonidan qo‘yilgan bomba uning tanishi –parlament a’zosi Eyri Navani tilka-pora qilib tashladi. Bir necha soat o‘tgach, eski “Brayton” mehmonxonasi dahshatli portlashdan larzaga keldi. Bomba Margarita Tetcher va uning kabineti a’zolarini yo‘q qilish uchun irland terrorchilari tomonidan qo‘yilgan edi. Terrorchi besh etajdan yuqoridagi odatda Margaret Tetcher to‘xtaydigan apartamentning vannaxonasiga 9 kilogramm portlovchi modda joylashtirgandi. Tetcher vannaxonani tark etganidan bir necha sekund o‘tib, vannaxona va hojatxona joylashgan binoning o‘sha qismi vayronaga aylandi, besh kishi halok bo‘ldi, 31 kishi jarohatlandi.

Fuqarolik huquqi uchun qora tanli amerikaliklar kurashchisi Martin Lyuter King sigareta chekkisi kelib balkonga chiqadi va Jeyms Erla Reyaning o‘qiga nishon bo‘ladi. Amerika prezidenti Avraam Linkolnning tan soqchisi bir zumga prezidentni qo‘riqchisiz qoldirib suv ichgani chiqadi, bu qotillar rejasini amalga oshirish uchun yetarli bo‘ldi. Yoki 1914 yilda Sarayevada avtomobilning birgina noto‘g‘ri burilishi Ersgersog Frans Ferdinandni qurollangan jangariga ro‘baro‘ qilib birinchi jahon urushida Yevropani dahshatga soldi. Napoleonni olib ketayotgan ekipaj aravakashi esa otlarga qamchi bosish oqibatida kareta o‘ng tomonga keskin burilib ketib kuchli portlashdan saqlanib qoladi. Sakkiz kishi halok bo‘ladi, imperator esa zarar ko‘rmaydi.

Malika Viktoriya hayoti davomida yetti, Fransiya prezidenti Sharl de Goll uch marta suiqasdni boshdan kechiradi. Beyker, qotil yakka o‘zi harakat qilgan davr ortda qoldi, degan xulosaga keldi. Bugun bu yovuzlik bilan siyosiy guruhlar, terroristlar yoki davlatlar shug‘ullanmoqda. Masalan, ben Laden shu tarzda yo‘q qilindi.

Qotillar ko‘p hollarda o‘z qilmishlari bilan dunyoni yaxshilayman, tarixga aralashish insoniyatga farovonlik olib keladi, deb o‘ylashadi. Beyker, aksincha bu hech qanday samara bermaydi, vaziyatni yomonlashtiradi, xolos deb taxmin qiladi. Odatda ag‘darilgan diktator o‘rniga yanada shafqatsizi keladi. Qadimgi Rimda Brut Yuliy Sezarni o‘ldirdi, hokimiyat tepasiga uning merosxo‘ri, o‘ta zolim imperator Avgust o‘tirdi. Fransuz inqilobi yillarida Sharlotta Korde ekstremist Jan-Pol Maratni pichoqlab o‘ldirdi. U endi mamlakatda zo‘ravonlikka chek qo‘ydim, deb o‘ylagan edi. Uning o‘rniga esa qonxo‘r Robesper keldi va 17 ming kishini gilotina pichog‘i tig‘idan o‘tkazdi.

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.