Tarixning o‘qilmagan sahifalari: Mardikorlikka qarshi qo‘zg‘olon nimadan kelib chiqqandi?

(Davomi. Boshlanishi)

Daminov Muxammad 1897 yilda tug‘ilgan.

Yashash manzili: 1916 yilda Kattaqo‘rg‘on uyezd Kalqo‘rg‘on volosti Qushbegi qishlog‘i.

62 yoshda.

1916 yilda Kalqo‘rg‘on volostining mingboshisi Sayyid Bekjon degan katta yer egasi edi. Uning shaharda ham uyi bo‘lib, hozir bu uyda rayon xalq sudyasi turadi. Kalqo‘rg‘on volostida Kalqo‘rg‘on, Rajabali, Muxtor, Moshravot, Charxin do‘mlari bor edi. Bizning oilamiz Muxtor do‘mligida edi. Bu yerning do‘mi-oqsoqoli Abdusamat do‘m edi. Muxtor do‘miga 10 ta qishloq qarar edi. Bular Polvontepa, Xo‘jalar, Qushbegi, Qirq eshak, Uch ravot, Boy aka, Muxtor Qilich, Uzun bo‘z, Birinch furush qishloqlari edi. Har bir qishloqning ellikboshilari bo‘lar edi. Ularning hammasi katta yer egalari edi. Asosiy ulpondan tashqari qo‘shimcha dud puli olinar edi. Ikkisi ham pul ko‘rinishida yig‘ilar edi. Kambag‘al xalq soliqlarni to‘lay olmay qarz bo‘lib qolar edi. Natijada ko‘p kishi yerdan voz kechib, qarzga o‘tkazib yersiz qolgan edi. Mening yerim 3 tanob (34 gektar) edi. Oilamizda 11 jon bo‘lib qashshoqlikda kun kechirar edik.

1914 yildan Jahon urushi boshlanib, soliqlar oshdi. Uning ustiga harbiy soliq ham to‘lanar edi. Shu paytlar urush ehtiyoji uchun odam olish ovozasi chiqib qoldi. Biz paxta, tamaki ekar edik. G‘allani don bozoridan sotib olardik. Urush sabab narx-navo oshib ketib juda qiynaldik. Paxta ekishda boylardan olingan bo‘nak hisobiga bizlardan juda ko‘p barobar pul yig‘ilar edi. Masalan, bir botmon paxta hisobiga 5 so‘m bo‘nak qarz olinsa, hosil yig‘ilgach, 4-5 barobar qilib 20-25 so‘m miqdorda qaytarilishi kerak edi.

1916 yilda “Nikolay odam olarmish” degan mish-mishlar tarqaldi. Do‘mlar, ellikboshilar odamlarni yig‘ib, majlis o‘tkazib, mardikorlikka odam berasizlar deb talab qilishdi. Buni eshitgan xalq birdan g‘alayon ko‘tardi. 1916 yil iyul oyida bozor kunlarining birida Kattaqo‘rg‘onning eskishahar bozorida xalq to‘polon qilib, “odam bermaymiz”, “mardikorlikka bormaymiz” deb qo‘zg‘olon ko‘tarib, yangi shaharga jo‘nadi. Men ham ular orasida edim. Xalq madrasa oldiga borishi bilan yangi shahar tomondan kazarmadan chiqqan askarlar qo‘zg‘olonchilarga qattiq o‘q otib, faqat bizning qishloqdan 4-5 kishi yarador bo‘ldi. Bizning uchastkamizdan (Boy aka qishloqli) qo‘zg‘olonga aktiv qatnashgan Mullajon ismli qashshoq bir dehqonga o‘q tegib yarador bo‘ldi va 4-5 kun deganda uyda o‘ldi. Doktor qaramadi. Odamlar mardikorlikka bormaymiz, deb baqir-chaqir qilib uyga qaytdilar.

Kattaqo‘rg‘on aholisi eski vaqtda bir necha urug‘ va qabilalarga bo‘lingan. Ular arab, saroy, qiyot, tojik, mang‘it, xitoy va boshqalardan iborat edi. Bizning Muxtor, Moshrovot do‘mlar aholisining ko‘pchiligi arablardan edi. Eski shahar ichidagi qo‘zg‘olonda hamma qatnashdi.

Ertasi kuni Muxtor do‘mida arablar qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Bu qo‘zg‘olonga Chiyilloq qishloqli Ernazar (laqabi birinch purush) boshchilik qildi. Shu kishi otga minib, hamma xalqni qo‘zg‘olonga boshladi.

“Rabochiy bermaymiz” degan shior bilan boylar, ellikboshi, oqsoqol, volostnoylarga qarshi kurash boshlandi. Ernazar ko‘p odamlarni yig‘ib shahar tomon yo‘llandi. Aziz Xo‘ja mozoriga yaqinlashganlarida shahar tomondan faytonda kelayotgan Xoji Maxmud (laqabi bo‘yni egri xoji) degan bozor begi ro‘para kelib qoladi. Qo‘zg‘olonchilar “ana bitta boy chiqib qoldi” deb uni qora kaltak qilishadi. Shu payt uning opasi paydo bo‘ladi va ukasining ustiga o‘zini tashlab, uni o‘limdan saqlab qoladi. Xalq ot bozorning ko‘prigi orqali Kattaqo‘rg‘on shahriga yuraveradi. Ko‘prikda rus askariy qismlari qo‘zg‘olonchilarga o‘q uzishadi. Xalq yana qochishga majbur bo‘ladi.

Shu voqealardan 3-4 kun o‘tgach, Kalqo‘rg‘on volostining mingboshisi Sayyid Bekjon rus askarlari hamrohligida Polvontepaga hamma ellikboshilarni yig‘ib mardikor olishni boshladi. Har 4 xonadondan 1 mardikor berilishi majburiy edi. Bizning Qushbegi qishlog‘imizda 30 ta xo‘jalik bo‘lib, 8 mardikor berishimiz kerak edi. Bizning qishloq ellikboshisi Ortiq degan kishi “mardikor berilsin” deb turib oldi. Mardikor bermagan oila 1000 tangadan pul berishi kerak edi. Mening otam ham 1000 tanga pul to‘lashga majbur bo‘lgan.

Amakim mardikorlikka ketayotgani uchun, otam meni olib qolishga harakat qildi. Bir tanob yerimizni garovga qo‘yib, Pashkov degan rus sudxo‘ridan ming tanga olib, ellikboshiga berdi. Shuning evaziga men mardikorlikdan qoldim. Sayfi degan amakimiz yersiz edi va shuning uchun mardikorlikka ketdi. Boylarning bolalari ro‘yxatga olinmadi. Kambag‘allar ming tanga qarzni boylardan olib, boylar yanada boyidi. Kambag‘allar esa yeridan ajraldi.

Mardikorlarni shaharda 10-15 kun saqlab, keyin Rossiyaga jo‘natdi. Mardikorlikka ketayotganlarning kiyim-kechagi, bir oylik oziq-ovqati ham xalqning bo‘yniga tushdi.

M. Daminov, 1959 yil 13 aprel.

nashrga tayyorlovchi: Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi Mahmudxon Yunusov.