“Tarmoq – korxona – oliygoh”: Ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlik qanday samara beryapti?
Viloyat hokimligi vakillari hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti jamoasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
«Tarmoq - korxona - oliygoh» tamoyili asosida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev, viloyat hokimining yordamchisi N. Ibragimov hamda viloyatdagi yirik korxonalar rahbarlari va tadbirkorlar, universitetning professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Rahbar va tadbirkorlar dastlab universitetning ilmiy va innovatsion salohiyati, oliygohdagi mavjud imkoniyatlar, O‘zbekistonda veterinariya, biotexnologiya va chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun ilmiy kadrlarni intensiv tayyorlash biznes inkubatorini tashkil etishga qaratilgan «Mega loyiha» hamda amalga oshirilayotgan boshqa loyihalar bilan tanishdi.
Mas’ullar «Mega loyiha» doirasida parrandachilik, echkichilik, quyonchilik, qo‘ychilik, qoramolchilik, baliqchilik va asalarichilik sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar va yutuqlar haqida ma’lumot berdi. Veterinariya klinikasi faoliyati va veterinariya jarrohligi amaliyoti ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari xalqaro loyihalar doirasida tashkil etilgan o‘quv laboratoriyalar bilan tanishib, ularning tadbirkorlik faoliyatidagi o‘rni haqidagi ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Shundan so‘ng universitet pedagogik kadrlari ilmiy ishlanmalari taqdimoti va ularni amalga oshirish yo‘llari, universitet ilmiy pedagogik kadrlarining viloyatdagi tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. «Tarmoq - korxona - oliygoh» tamoyili bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish borasida mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda takliflar taqdimoti qilindi, korxonalarda kafedralar tashkil etish, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini izchil yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuvda iqtidorli bitiruvchi talabalar tomonidan taqdim etilgan startap loyiha va taklifni amalda joriy etishga kelishib olindi.
Tadbir davomida bitiruvchi talabalarni ishga joylashtirish yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda bitiruvchi talabalar o‘zlariga ma’qul bo‘lgan ish o‘rinlari bilan tanishdi.
Rustam Hayitov.