Samarqand veterinariya meditsinasi instituti JICA bilan hamkorlik qiladi

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda agentlikning mamlakatimizda amalga oshirayotgan loyihalari, kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda mazkur tashkilot loyihalar portfelining hajmi qariyb 4,1 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. JICA vakili Kashivazaki Yoshixito agentlik shu paytgacha yurtimizda qishloq xo‘jalik sohasidagi loyihalar uchun grant mablag‘lari ajratgan bo‘lsa, endilikda chorvachilik sohasiga ham alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi. Agentlik ushbu yo‘nalishda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bilan yaqindan hamkorlik qilishni ko‘zda tutganligi ma’lum qilindi.

Bugungi kunda Yaponiyadagi 16 ta davlat oliy ta’lim muassasasida veterinariya mutaxassislari tayyorlanishi ta’kidlandi. Shuningdek, yana 6 ta xususiy oliy o‘quv yurtida mazkur yo‘nalish mavjud. Davlat ta’lim muassasalarining har biri veterinariya bo‘yicha yiliga 35-40 nafar talabani o‘qishga qabul qiladi. Xususiy institutlarda esa bu ko‘rsatkich 100-120 nafarni tashkil etadi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, professor X.Yunusov institut olimlari JICA bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan institutning ilmiy salohiyati, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi va bu yerda tayyorlanayotgan mutaxassislar haqida ma’lumot berdi.

Muloqot davomida ayni kunda dunyoda ro‘y berayotgan epidemiologik vaziyatda umumiy tashabbuslar va loyihalarni amalga oshirishda ishlarni tizimli tashkil etish, jarayonlarni yanada jadallashtirish zarurligi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.