Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Xalqaro Epizootik Byuroning tayanch oliy ta’lim muassasasiga aylanadi
Bu haqda institut rektori Xudoynazar Yunusov ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti hisoblangan Xalqaro Epizootik Byuro (XEB) 1924 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 180 dan ortiq davlatlari mazkur tashkilot a’zosi hisoblanadi. O‘zbekiston 1992 yilda tashkilot a’zoligiga qabul qilingan.
– Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘llanmalar, tavsiyalar hamda veterinariya sohasida xalqaro kodekslar, standartlar, turli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan o‘quv va amaliy qo‘llanmalar kabi xalqaro hujjatlarni joriy etish hamda jahonda hayvonlar orasida yuqumli kasalliklarning tarqalib ketishining oldini olish, veterinariya sohasini jahon miqyosida muvofiqlashtirish va tartibga solish XEBning asosiy vazifalaridan hisoblanadi, – deydi Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, professor X.Yunusov. – Bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Minnesota universiteti Byuroning yagona tayanch universitetidir. Bu dargohda veterinariya bo‘yicha amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlar va ularning natijalari butun dunyo uchun namuna bo‘ladi va tavsiya etiladi. Biz ham O‘zbekistonda veterinariya ta’limini XEB talablari asosida tashkil etish maqsadida institutimizda mazkur universitet bilan hamkorlikda 2020-2023 yillarga mo‘ljallangan Twining dasturini amalga oshiryapmiz. Bunda o‘quv reja, malaka talablari va fan dasturlarini ishlab chiqish hamda institut professor-o‘qituvchilarining mazkur ta’lim dargohida malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bu borada bir nechta tashriflar amalga oshirildi. Jumladan, fevral oyining boshida bir guruh professor-o‘qituvchilarimiz bilan birga universitetda bo‘lib, malaka oshirdik. Endi ular javob tashrifi bilan institutimizga kelishadi va bu yerda XEBning maxsus kabinetini ochmoqchimiz. Umuman, ikki yildan buyon Byuro institutimizdagi o‘quv va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini, amaliy ishlarimizni o‘rganib, o‘z bahosini bermoqda. Uch yillik o‘rganish natijalari asosida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti XEBning ikkinchi tayanch oliy ta’lim muassasasiga aylanishi kutilmoqda.
Matbuot anjumanida joriy yilning 16 fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida chorvachilik sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar haqida ham so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, endilikda sohaga ilm va ilg‘or tajribalarni joriy etishga Samarqand veterinariya meditsinasi instituti mas’ul bo‘ladi. Buning uchun institut maqomi oshiriladi hamda unga veterinariya, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tajriba institutlari biriktiriladi. Bu muassasa klasterlarga amaliy va metodologik ko‘mak berib, pullik xizmatlar ko‘rsatadi, aholi va fermerlarni qisqa muddatli kurslarda o‘qitadi.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib, ayni paytda institutda amalga oshirilayotgan ishlar, tayyorlanayotgan hujjatlar loyihalari haqida ham ma’lumot berildi.
Matbuot anjumani doirasida jurnalist va blogerlar institutda yangidan tashkil etilgan laboratoriyalar faoliyati bilan ham tanishdi.
– Institutimiz tashkil etilgan 2018 yildan buyon yigirmadan ortiq davlatdagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik, – deydi X.Yunusov. – Xorijiy davlatlarga borganda ham, ularning vakillari bizga kelganda ham ta’lim jarayonini taqqosladim, nimalarga e’tibor qaratishimiz kerakligini hisobga oldim. Natijada shu yillar davomida 12 ta laboratoriya tashkil etdik. Ularning 8 tasi uchun davlatimiz tomonidan mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 4 tasini xalqaro grantlar va hamkorlarimiz hisobidan amalga oshirdik. Buning natijasida hozir tadqiqotchilarimiz, professor-o‘qituvchilar o‘z ilmiy ishlari tayyorlash jarayonida xorijga borib, laboratoriyalarda o‘tirishlariga xojat qolmadi. Hammasini shu yerda bajarishlari mumkin. E’tiborli tomoni, bu laboratoriyalar namuna olib, o‘zlashtirib tayyorlanmagan, to‘liq xalqaro va Yevropa standaratlariga javob beradi.