Samarqand veterinariya meditsinasi instituti professor-o‘qituvchilari xorijiy OTM talabalariga dars bermoqda
Mazkur institut ayni kunda dunyoning 90 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Bu hamkorlik doirasida institutning 46 nafar professor-o‘qituvchilari 2021-2022 o‘quv yilida xorijiy oliy ta’lim muassasalari uchun onlayn ma’ruza darslarini olib bormoqda. Jumladan, Turkmaniston qishloq xo‘jalik instituti, Qozog‘iston milliy agrar universiteti, Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universiteti, Tomsk davlat universiteti, O‘sh davlat universiteti, Shvetsiyaning Linneus davlat universitetlarida SamVMI professor-o‘qituvchilari dars beradi.
Rossiya Federatsiyasi Tomsk davlat universitetining ekonomika va menejment fakulteti talabalariga moliyaviy menejment fanidan dars berdim, - deydi iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent Zokir Rasulov. - ZOOM platformasi orqali ma’ruza, seminar va amaliyot darslarini o‘tdim. Bizda odatda, professor-o‘qituvchilar davomatni qayd etib borishadi. Mashg‘ulotlar nihoyasida talabalar yuz foiz darslarda ishtirok etgani meni biroz ajablantirdi. Ularda, odatda darslarda qatnashish ixtiyoriy, ammo talabalar kursni to‘liq topshirishlari kerak. Ular o‘z shogirdlarimga qaraganda talabchanroq tuyuldi. Masalan, talabalar bugun o‘tiladigan mavzuni oldindan o‘rganib kelishadi va bu haqda savollar berishadi.
Shuningdek, institutning 36 nafar professor-o‘qituvchilari Turkmaniston qishloq xo‘jalik instituti talabalariga onlayn darslar o‘tadi. Mazkur OTM talabalari va o‘qituvchilari almashinuv dasturi bo‘yicha stajirovka o‘tash yoki o‘qish uchun ham institutga kelib turishadi.
- Aslida 2-kurs bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalariga onlayn ma’ruza darslari o‘tishim kerak edi, - deydi institutning biotexnologiya kafedrasi mudiri, dotsent Nasiba Xojayeva. - Lekin darslarimda magistr, doktorant, yosh assistentlar ham ishtirok etishdi. Bu esa meni yanada ilhomlantirdi.