Texnikumni a’lo baholarga bitirganlar suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 2023-2024 o‘quv yili kunduzgi ta’lim shaklida o‘rmonchilik va aholi yashash joylarini ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklar karantini va himoyasi, suv bioresurslari va akvakultura kabi uchta yangi yo‘nalish ochilmoqda.
Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalist va soha vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Yangi o‘quv yili uchun universitetimizga bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga 535 ta davlat granti, 840 ta to‘lov-kontrakt asosida kvota ajratildi, - dedi universitet rektori Xudoynazar Yunusov. – Shuningdek, sirtqi ta’lim shakliga 400 ta, magistratura mutaxassisligiga 94 ta kvota ajratildi. Bundan tashqari, universitetning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan texnikumlarning a’lo baho bilan bitirgan abituriyentlar ajratilgan kvotadan tashqari suhbat asosida ikkinchi bosqichga qabul qilinadi. Faqat bunda abituriyentning bilimi sinaladi. Agar u texnikumni qizil diplom bilan bitirgan bo‘lsa ham komissiya a’zolarining savollariga javob berolmasa, o‘qishga qabul qilinmaydi. Suhbat asosida ikkinchi kursga qabul qilingan abituriyent to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi.
Ayni qabul jarayonlari davom etayotgan paytda universitetda abituriyentlar va ota-onalar uchun Call markaz telefonlari ishlab turibdi. Abituriyentlardan ko‘proq hujjat topshirish jarayonida qancha to‘lov qilish, kimlar to‘lovdan ozod etilgani haqida savollar tushmoqda.
Bugun universitetda kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 7 ta fakultet bo‘lib, unda jami 22 ta ta’lim yo‘nalishi, sirtqi ta’lim shaklida 13 ta ta’lim yo‘nalishlari mavjud.
Bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida universitet rahbari va mas’ullari qabul jarayoni bilan bog‘liq savollarga javob berishdi.
Xurshida ERNAZAROVA.