“Tashabbus - 2019”: Yilning eng yaxshilari aniqlandi

Prezident sovrini uchun an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tashabbus ko‘rik-tanlovining Samarqand shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalarida faollik ko‘rsatgan 90 nafar ishbilarmon o‘zaro bellashdi. Tanlovning bu yilgi saralashida mahsulotlar turi va sifati oshgani, import o‘rnini bosadigan va eksportbop mahsulotlarning ko‘paygani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Korxonamiz asosan erkaklar kuylagi, choyshablar va turli xil matolar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, - deydi “Samarqand YevroAziya tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati menejeri Jasur G‘aniyev. – Yaqinda korxonamizga 100 million dollar miqdorida investitsiya kiritib, Xitoydan Germaniya texnologiyasi asosidagi yangi va zamonaviy uskunalar keltirdik va 400 ga yaqin ish o‘rinlari yaratdik. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan bu texnologiya matoning sifatini yaxshilab, chidamliligini oshiradi. Natijada ichki bozordan tashqari Rossiya, Isroil, Germaniya, Belgiya, Ukraina, Qozog‘iston va Turkiyaga 100 ming dollardan ortiq mahsulot eksport qilishga erishdik. 

 

Tanlovning yakuniy xulosalariga ko‘ra, “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni “Samarqand YevroAziya tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Asliddin Salohiddinov, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” yo‘nalishida 1-o‘rinni “Amonov mebel tekstil” oilaviy korxonasi rahbari Shahram Amonov  qo‘lga kiritdi. INNOVA «VRSUS Medisal» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Sherzod Muhiddinov “Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, yakka tartibdagi tadbirkor Savlat Rahmonov “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Shuningdek, tanlov ishtirokchilari o‘n bir yo‘nalishda qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tanlovda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov va Samarqand shahar hokimi F.Rahimov ishtirok etdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.