«Tashabbus-2019» tanlovining samarqandlik g‘oliblari aniqlandi
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus-2019” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va xo‘jalik yuritishning boshqa sohalarida yuqori natijalarga erishgan, faoliyatiga innovatsion g‘oyalarni tatbiq etib, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, tanlovning shahar, tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 78 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi.
Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, "Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori" nominatsiyasi bo‘yicha Past Darg‘om tumanidagi “Marakand Led invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari O‘lmas Ablayorov, "Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori" yo‘nalishida Bulung‘ur tumanidagi “Farovon metan savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mansur Yorbekov birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, "Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori" nominatsiyasida Samarqand shahridagi “Amonov mebel tekstil” oilaviy korxonasi rahbari Shahram Amonov, "Yilning eng yaxshi fermeri" yo‘nalishida Oqdaryo tumanidagi «Pichoqchi Dry Fruits» fermer xo‘jaligi rahbari Tolibjon Abdujalilov, "Yilning eng yaxshi hunarmandi" yo‘nalishida Samarqand shahrilik tosh o‘ymakori Savlat Rahmonov g‘olib bo‘ldi.
G‘oliblar viloyat hokimligining diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, tanlovda “Eng yaxshi tadbirkor ayol», «Eng yaxshi innovatsion loyiha», «Yoshlarga eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan tadbirkor», «Eng yaxshi oilaviy biznes», «Eng yaxshi eksportchi», «Yilning eng yaxshi mahsuloti», «Mening yurtim - mening iftixorim», «Eng yaxshi soliq to‘lovchi», «Eng mas’uliyatli ijtimoiy sherik», «Turizm sohasiga eng ko‘p hissa qo‘shgan tadbirkor» va «Eng yaxshi ko‘rgazma» kabi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov va viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova ishtirok etdi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).