Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarni ogohlikka chaqirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva jamoat transportida Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilishga chaqiruvchi o‘zbek tilida berilgan e’lon surati tarqalmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ogohlikka chaqirdi.
“Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatli hududlarga jalb qilish haqidagi da’vatlarga ergashmaslikni, ziddiyatli hududlarga bormaslikni va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘raymiz”, deyiladi agentlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.