TDIU Samarqand filiali talabalari Germaniyada tajriba orttirmoqda

Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi faolligi va hamkorlik salohiyati, ayniqsa, talabalarni xorijda o‘qitish va ishlab chiqarish amaliyotiga jalb etish muhim jarayon hisoblanadi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali bu borada salmoqli natijalarga erishmoqda. Filial rahbariyati, xalqaro hamkorlik bo‘limi va qo‘shma dasturlar koordinatori jamoasi tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda yuzlab talaba Yevropaning yetakchi davlatlarida haq to‘lanadigan amaliyot dasturlarida ishtirok etmoqda.

Xususan, 2025 yil davomida 200 nafardan ortiq talaba Germaniya davlatida joylashgan zamonaviy sanoat korxonalari, avtomobilsozlik va logistika hamda qishloq xo‘jalik korxonalarida malakaviy amaliyot va working&travel dasturlari doirasida malaka oshirmoqda. Ushbu amaliyotlar nafaqat talabalarimizning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, balki yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.

Filial rektori, professor Olim Murtazayevning ta’kidlashicha, xorijiy amaliyot dasturlari orqali talabalarda xalqaro mehnat madaniyati, ishbilarmonlik, samaradorlik, ekologik barqarorlik va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalari shakllanmoqda.

Hozirgi kunda filialimizning talabalari Germaniyaning “BRUSS”, “Karcher”,“Schneiders Obsthof”, “JUNG Agrar”, “Hienrich”, “Hegeland GmbH”, “Schumacher”, “Straus” “ENGELHARD” kabi ilg‘or korxonalarida amaliyot o‘tamoqda. E’tiborga molik jihat shuki, barcha korxonalarda talabalar uchun zamonaviy va qulay infratuzilma, uch mahal ovqatlanish, xavfsiz mehnat muhiti yaratilgan.

TDIU Samarqand filiali tomonidan amalga oshirilayotgan xorijiy amaliyot va xalqaro hamkorlik dasturlari yurtimiz oliy ta’limi oldida turgan strategik vazifalarga hamohang tarzda olib borilmoqda. Kelgusida bu kabi loyihalar soni yanada ortib, iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, moliya va raqamli iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun xalqaro tajriba almashuvi doimiy amaliyotga aylanadi.