Telefon - xatarli ovunchoq(mi?)

Ko‘chada qo‘shni Qosim aka bilan suhbatlashib turgandik. Mast kishiday goh to‘tab, goh surinib, chayqalib kelayotgan 7-8-sinflarda o‘qiydigan o‘quvchi bola ko‘rindi.

- Tobi yo‘qqa o‘xshaydi, kimning o‘g‘li ekan? – Qosim aka qoshlarini chimirib, o‘quvchi tomonga tikildi.

- Men ham tanimayroq turibman, - dedim kelayotgan o‘quvchi tomonga qarab.

Birozdan so‘ng o‘quvchi yaqinlashib yonimizdan o‘ta boshladi. Hozir salom bersa kerak, degan xayolda sergaklandik. Ammo u bizni payqamadi ham, qo‘lida telefon, qulog‘ida telefon quloqchini. Butun dunyoni unutib, bor vujudi bilan qo‘lidagi matohga tikilgan.

- Bechora bola, bu ahvolda savdoyi bo‘lib qoladiku, - dedi Qosim aka achinib. – U maktabdan nimani o‘rganib qaytayapti ekan?

O‘ylanib qoldim. Farzandlarimiz ayni o‘qib, ta’lim-tarbiya oladigan paytida o‘qishdan sovutib, hayotiga befarq, xayolparast qilib, mavhum olamga yetaklab ketadigan telefon ularga hozircha kerakmikan?

Tog‘aymurod ShOMURODOV.