Temiryo‘lda yuz bergan baxtsiz hodisada inson halok bo‘ldi

Kecha, 1 fevral kuni soat 00:25 da Yagona dispetcherlik markazi navbatchisi tomonidan Toshkent temiryo‘l mintaqasi Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga «To‘qimachi – Xamza» bekatlari oralig‘ida yuk poyezdi erkak kishini urib ketganligi haqida xabar kelib tushdi. Bu haqda IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi xabar berdi.

Mazkur xabar asosida surishtiruv ishlari olib borish jarayonida 3421-yuk poyezdi «Xamza – Chuqursoy» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan vaqtda «To‘qimachi – Xamza» bekatlari oralig‘ining 4-kilometri 5-to‘siqda yoshi taxminan 35-40 larda bo‘lgan, yevropa millatiga mansub, shaxsi noma’lum erkak kishini urib yuborgani oydinlashdi. Hodisaga shaxsi noma’lum erkakning ehtiyotsizligi sabab bo‘lgan va natijada voqea joyida vafot etgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida ushbu fuqaro Toshkent shahar Mirobod tumanida yashagan, 1974 yilda tug‘ilgan T.V. ekani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda baxtsiz hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.