“Tez yordam”ga yangi mashinalar beriladi

Tadbirda loyiha rahbari Elvira Anadolu, Jahon bankining tashkiliy masalalar bo‘yicha katta mutaxassisi Lingzi Shu, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abduhakim Xojiboyev yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida Jahon banki investitsiyalari jalb qilingan holda qator loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Mazkur loyiha uchun ajratilgan 100 million AQSh dollari evaziga respublikamizdagi barcha shoshilinch tibbiy yordam xizmati markazlari eng so‘nggi tibbiy asbob-uskunalar, 60 ta zamonaviy tez yordam mashinalari va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlanadi.

- Bankimiz O‘zbekistonda tibbiyot sohasini isloh qilish ishlariga yaqindan yordam berayotganidan mamnun, - deydi Jahon bankining O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash tizimi loyihalari rahbari Elvira Anadolu. – Mazkur loyiha yurtingizda sog‘liqni saqlash sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, vrach va hamshiralarning malakasini oshirish, avtomatlashtirilgan dispetcherlik va aloqa tizimini yaxshilash, tez yordam mashinalarini muvofiqlashtirishda yaqindan ko‘maklashadi. Loyiha tufayli yiliga 6 million fuqaroga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga erishiladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.