Tezlikni me’yoridan oshirgan haydovchi qarama-qarshi yo‘nalishdagi avtomashinaga urildi

Bugun, 17 fevral kuni soat 01:45 da Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida, “Cobalt” rusumli avtomashina haydovchisi tezlikni belgilangan me’yoridan oshirib harakatlangan.

Natijada rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l o‘rtasidagi ajratuvchi beton to‘siqning ustidan o‘tib ketib, qarama-qarshi tomondan o‘z yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan, “Mercedes-Benz-320” rusumli avtomashina bilan to‘qnashib yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabariga ko‘ra, ikkala avtomashina haydovchilari tan jarohatlari bilan Samarqand viloyati RShTYoIM filialiga yotqizilgan.

Hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.