Tibbiyot muassasasi ijtimoiy reabilitatsiya markaziga aylanyapti

*Avval faqat dori-darmon yozilardi yoki operatsiyaga tavsiya etilardi, hozir vaziyat o‘zgardi;
*Qoshiq ushlashni ham o‘rgatish kerak;
*Nogironligi bo‘lgan kishilarga hamma xizmat bepul;
*Umurtqa, bo‘g‘in xastaliklari dangasaligimiz tufayli
Reabilitatsiya markazi nogironligi bor shaxslarga xizmat ko‘rsatadigan bir qator tashkilotlar singari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. Endilikda ushbu maskan ish faoliyati ilgarigidan birmuncha farq qiladi.
Samarqandliklar orasida “Limonadkagi bolnitsa” nomi bilan mashhur viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi shu yillarga qadar tayanch-harakat tizimida muammosi bor bemorlar hamda ichki xastaliklar bilan og‘rigan bemorlarni zamonaviy usullarda davolab, jarrohlik amaliyotlari bajarilar edi. Bugun ham ushbu maskanda zarur amaliyotlar bajarilmoqda, ammo asosiy urg‘u boshqa yo‘nalishlarga qaratilgan. Shu masalalar haqida viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi rahbari Akram Berdiyev bilan suhbatlashdik.
150 o‘ringa mo‘ljallangan markazimizda bugungi kunda 30 nafar shifokor faoliyat yuritadi, - deydi A.Berdiyev. - Markazda asosan Nizomga ko‘ra, tayanch harakatida muammosi bor, asab kasalliklari, ichki kasalliklar, asab xastaliklari bilan og‘rigan bemorlar davolanadi. Shuningdek, 10 o‘rinli bolalar ortopediyasi bo‘limi ham mavjud. 150 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonamizning 70 o‘rni nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatib, ularga barchasi, xususan, tibbiy xizmatdan tortib, dori-darmon, ovqatlanishgacha bo‘lgan xizmatlar bepul amalga oshiriladi. Qolgan 70 o‘rinda pullik xizmat yo‘lga qo‘yilgan, ularda ham asosan yuqorida aytilgan xastalik bilan og‘rigan bemorlarga yordam ko‘rsatiladi.
Markazning ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga o‘tkazilishi qanday o‘zgarish va yangiliklarga sabab bo‘ldi?
- Muassasamizda shu paytga qadar bemorlar konservativ va operativ yo‘l bilan davolanardi. Oddiy va murakkab operatsiya yo‘li bilan davolanish operativ davolanish hisoblanadi. Unga an’anaviy operatsiyadan tortib eng murakkab, zamonaviy jarrohlik amaliyotlari, jumladan, umurtqa pog‘onasining turli etiologiyali yemirilish kasalliklari, degenerativ, yirik bo‘g‘imlarni almashtirish, bo‘g‘imlarni ortroskopik usulda davolash, ortopedik nuqsonlari bor bemorlarni davolash kiradi. Shuningdek, keyingi yillarda neyroxirurgik yordam tashkil etildi. Endilikda markazda bosh miyadagi jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkazilmoqda. Qator yangi tibbiy jihozlar keltirildi. Ayniqsa, 2019 yilda respublikadagi reabilitatsiya markazlari orasida birinchilardan bo‘lib MRT apparatining keltirilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarga tashxis qo‘yishda ayni muddao bo‘ldi. Sababi, ungacha bu bemorlarimiz ushbu uskunaga ehtiyoj bo‘lganda (tayanch harakat tizimida muammo bo‘lgach, deyarli har birida ehtiyoj bo‘lgan) boshqa tibbiyot muassasalariga, pullik xizmatdan foydalanishiga yoki qator sarsongarchiliklarga duchor bo‘lishardi. Bu kabi o‘nlab tibbiy jihozlar bugun nogironligi bo‘lgan shaxslarni samarali davolashda qo‘llanilmoqda.
Keyingi paytda aynan konservativ davolanish, ya’ni tibbiy reabilitatsiya jarayoni tubdan o‘zgaryapti. Davolash, operatsiya tibbiyot muassasalarining vazifasi. Bugun bizga qo‘yilayotgan asosiy talab barcha zarur tibbiy muolajalardan so‘ng bemorni harakatlanish, avvalgi turmush tarziga qaytishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lmoqda. Muassasamizda vaqtincha to‘shakka mixlanib qolgan bemorlarni hayotga moslashtirish, o‘zini o‘zi boshqarishni o‘rganish uchun ijtimoiy reabilitatsiya qilish tatbiq etila boshlandi. Ilgari markazga kelgan bemorlarga tashxis qo‘yilardi, zarur dori-darmon va muolajalar olib borilib, zarur bo‘lsa, operatsiya hamda ikki-uch xil fizioterapiya muolajalari qo‘llanilardi. Bugunga kelib har bir bemor, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan bemorlarga to‘liq ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Markazda huquqshunos, psixolog va fizioterapiyalar instruktorlari kabi mutaxassislar faoliyat olib borib, ular nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotda duch kelgan muammolariga yechim topishga harakat qilmoqda. Ular bilan individual shug‘ullanilmoqda, nogironligi bo‘lgan shaxslarni funksional baholab, yashash qobiliyatiga ega bo‘lishi uchun davolashning ijtimoiy tomonlariga e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan markazda zamonaviy LFK (jismoniy harakatlar yordamida davolash) xonasi, ergoterapiya xonasi, neyroreabilitatsiya xonasi tashkil etildi.
- Ushbu xonalarda bemorlarning davolanishi uchun qanday harakatlar amalga oshiriladi, ularning avvalgi fizioterapiyalardan farqi nimada?
- Yangi yo‘nalishlar, avvalo, shu paytgacha markazimizda mavjud bo‘lmagan uskunalar bilan boshlangan. Ushbu uskunalar umumiy fiziologik ahvolga emas, balki inson organizmining aynan bir qismiga samarali ta’sir ko‘rsatadi. Deylik, u yoki bu kasallik tufayli bemorning qoshiq ushlash funksiyasi yo‘qolsa, shunga urg‘u beriladi. Yoki yangi keltirilgan vertikalizator apparati orqali uzoq muddat to‘shakda mixlanib yotgan bemorni vertikal holatga keltirish mumkin. Buning natijasida undagi moddalar almashinuvi yaxshilanadi, harakat qilishga intiladi, hayotga nisbatan qiziqishi ortadi. Ergoterapiya esa reabilitatsiyaning zamonaviy usullaridan biri bo‘lib, bemorlarni harakatlar bilan davolashni nazarda tutadi. Markazda ergoterapiya shartlariga to‘g‘ri keladigan barcha uskunalar mavjud. Bunda bemor o‘z-o‘zini boshqara olmaydigan holatda ham kundalik o‘rganadi hayotida lozim bo‘ladigan oddiy xatti-harakatlarni bajarishga o‘rganadi.
Neyroreabilititsiya xonasida esa asab kasalliklari natijasida hojatga chiqish, qoshiq ushlash, aravachaga o‘tirish kabi jarayonlarga o‘rgatiladi. Asab faoliyati buzilgan bemorlarga musiqa bilan davolashni qo‘shdik.
Bu davolash usullarini yo‘lga qo‘yishdan oldin asbob-uskunalarni yangiladik, mutaxassislarimiz Rossiya, Qozog‘istonda malaka oshirib kelishdi. Yaqinda gerontologiya yo‘nalishi, ya’ni qariyalar parvarishi bo‘yicha Xitoyda tajriba orttirdik.
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bu kabi reabilitatsiyasi uchun 70 o‘rinli markaz yetarli bo‘lyaptimi? Qolaversa, tibbiyot sug‘urta tizimiga o‘tkazilmoqda. Sizlarga murojaat qilayotgan bemorlar uchun bu yangilik qay tartibda joriy etiladi?
- Hozirgi kunda bir oyning o‘zida shu 70 o‘rin bilan ham o‘rtacha 250 kishiga tibbiy, ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Lekin bu yetarli emas. Biz asosan tayanch harakatida muammolari bor, ichki va asab kasalliklari ortidan nogironlikni olgan yoki vaqtincha shu holatda bo‘lgan insonlarga xizmat ko‘rsatamiz. Markaz “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tasarrufiga o‘tkazilgandan so‘ng har bir tumanda 10 o‘rinli reabilitatsiya bo‘limlari ham tashkil etildi.
Muassasamizda shu paytga qadar nogironligi bo‘lgan shaxsga bir yilda bir marta order beriladi. Agar shoshilinch va jiddiy holat bo‘lib qolganda bir yilda ikki marta berilishi mumkin. Bemor shu yerda to‘liq tekshiruvdan o‘tib, sog‘ligini tiklab ketadi. Tibbiy tekshiruvlardan tortib, uni davolash, yangicha fizioterapevtik muolajalar, ovqatlanish, barchasi bepul. Xuddi shu tizim bu yil ham saqlanib qolgan.
- Keyingi yillarda, ayniqsa, aholi orasida suyak yemirilishi bilan bog‘liq xastaliklar ko‘payganligi aytilmoqda. Buni kovid asorati deb baholashayotgani, ayollar orasida ham ko‘paygani mutaxassis bo‘lmagan odamga ham sezilib qoldi. Shu sohada uzoq yildan beri faoliyat olib borayotgan shifokor sifatida buni qanday izohlaysiz?
- Zamon, texnika rivojlangani sari kasalliklarning soni, tashxis turlari, uni davolash usullari ham ko‘paydi. Lekin inson sog‘lom bo‘lishi uchun lozim bo‘lgan asosiy tamoyillar o‘zgargani yo‘q. U biz, shifokorlar necha yildan beri aytib kelayotgan jismoniy harakat, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, o‘z vaqtida uxlash, antistress dasturini bilish bugun hamma davrdagidan ko‘ra dolzarbroq. Umurtqa pog‘onasi bilan bog‘liq kasalliklarga agar favqulodda holat bo‘lmasa 100 foiz o‘zimiz aybdormiz, chunki harakatsiz hayot kechiryapmiz. Bugun aynan shunday turmush tarzimiz sabab 45-50 yoshdagi bemorlarni ham tekshirib ko‘rsangiz, bo‘g‘imlarida muammolar bor. Vaholanki bu kasalliklar ilgari 60 yoshdan oshganlarda kuzatilardi. Umurtqa pog‘ona, suyak bo‘g‘imlari xastaliklariga o‘zimiz, kasbimiz, dangasaligimiz sabab deb ayta olaman.
Suyak yemirilishi xastaligi ko‘payganini ko‘pchilik kovidga taqayapti. To‘g‘ri, koviddan keyin o‘z-o‘zidan qon quyulishi holatlari ko‘payib ketdi. Lekin bunda ham sog‘lom turmush tarzining ahamiyati bor. Harakatsizligimiz sabab ko‘payayapti bu xastalik ham. Ko‘proq suyuqlik iching, deb shifokorlar bong uradi. Bu bejiz emas, albatta.
- O‘quvchilarimizga bu borada eng muhim tavsiyalarni aytib o‘tsangiz.
- Harakatday beqiyos davoning o‘zi yo‘q. Bir soat piyoda yurish insonga nafaqat salomatlik, balki tonus bag‘ishlaydi. Bir soatgina piyoda yursangiz, yengil jismoniy harakatlar bilan shug‘ullansangiz nafaqat sog‘lom bo‘lasiz, bu harakatingiz sizga quvvat, ishchanlik, chiroy beradi.
Qolaversa, keyingi yillarda oziq-ovqatlarga kanserogen moddalarning qo‘shilishi qator ichki kasalliklarni ko‘paytirmoqda. Tabiiy ovqatlanishga o‘rganishimiz kerak. Bundan bir necha yil avval gazlangan ichimliklar suyak-bo‘g‘im kasalliklari paydo bo‘lishiga olib kelishi haqida fikrlar bildirilgandi. Bu hamon dolzarbligicha qolmoqda.
Shuningdek, o‘z vaqtida uxlash, dam olish, kitob o‘qish inson hayotini tartibga solibgina qolmay, uning salomat yurishidagi muhim omillardan hamdir.
- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.