Tibbiyot olimlari tajriba almashdi
"Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazida Samarqand davlat tibbiyot universiteti tashabbusi bilan "Pediatriya va farmatsiya: bolalar va o‘smirlar salomatligi uchun" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Anjumanda Rossiya, Turkiya, Malayziya va Qozog‘iston kabi 20 dan ziyod davlatlardan fundamental va klinik tibbiyot sohasidagi yetakchi olim va ilmiy izlanuvchilar, pediatr hamda farmatsevt mutaxassislar ishtirok etib, pediatriya va farmatsiya sohasida erishilgan muammolarni, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida uchraydigan kasalliklarni erta tashxislash, davolash va profilaktika qilishda respublikamiz va xorijda yaratilgan tibbiy tajribalarni muhokama qildi.
Anjumanda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari A.Alimov, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, Rossiya perinatal tibbiyot mutaxassislari assotsiatsiyasi prezidenti N.Volodin, Turkiya meditsina fanlari universitetining Yevroosiyo tibbiy va ijtimoiy fanlar markazi direktori A.Fayziuglu (Turkiya), professor K.Chong (Malayziya)lar yurtimizda pediatriya va farmatsiya sohalarining rivojlanishi, onalar va bolalar o‘rtasida uchraydigan turli kasalliklarni erta aniqlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Anjuman davomida olimlar o‘zaro fikr almashib, tibbiyotning turli yo‘nalishlarida hamkorlik qilish borasida kelishib oldilar.
Saydullo Rasulov,
tibbiyot fanlari doktori.