"Tiko" haydovchisi YPX xodimini avtomobil kapotida "aylantirib keldi"

1 fevral kuni ijtimoiy tarmoqda «Buxoroda «Tiko» haydovchisi YPX xodimini avtomobil kapotida sudrab ketdi» sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, videolavhada aks etgan holat Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

Aniqlanishicha, 29 yanvar kuni soat 15:30 larda Buxoro viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan «Alohida yo‘l-patrul xizmati otryadi 3-safarbarlik guruhi YPX naryadlarini xizmatga joylashtirish qaydnomasi»ga asosan Buxoro viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati otryadi uchinchi safarbar guruh yo‘l-patrul xizmati katta inspektori kichik serjant Sh.R. Vobkent tumani hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida xizmatga jalb qilingan.

U xizmatni olib borish jarayonida Vobkent tumani O‘ba Kulolon mahallasi Kulolchi ko‘chasida fuqaro M.S. tanishi N.A.ga tegishli bo‘lgan «Tiko» rusumli avtomashinada svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamasdan harakatlanib kelganligi sababli haydovchiga to‘xtash ishorasini ko‘rsatgan. Shunda fuqaro M.S. YPX inspektori turgan yo‘nalishda avtotransport vositasini boshqarishni davom ettirib, sodir etgan huquqbuzarligi uchun javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida avtomashinani to‘xtatmasdan xodimga juda yaqin masofaga qadar boshqarib borgan.

Oqibatda xodim yo‘l chekkasiga qochishga ulgurmasdan, avtomashina kapoti ustiga chiqib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, haydovchi M.S. avtomashina bilan harakatlanishda davom etib, taxminan 50-60 metr masofada inspektorni transport vositasi kapoti ustida olib yurib to‘xtagan.

«Shundan so‘ng, YPX inspektori haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Yuqoridagi holatda biror kishiga tan jarohati yetmagan», deyiladi xabarda.