Til – davlat timsoli, mulki

“Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni, mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona-Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

Shavkat Mirziyoyev.

Biz kim o‘zbeklar, ne-ne tarixiy sinovlarni boshidan o‘tkazgan, shonli o‘tmishga, qadim-qadimdan o‘z davlatiga ega bo‘lib kelayotgan xalqmiz. Bu xalqni birlashtirib turgan ma’naviy belbog‘imiz – ona tilimizdir.

Ona tili - millatning ruhi. Til – davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish - millatning yuksalishi demak. Konstitutsiyamizda davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Tilimiz ham qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

Tilimiz mana shunday oliy darajaga erishguniga qadar qancha shonli tarix darg‘alarini bosib o‘tdi. Men shuni mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, har bir davrda ona tilimiz sayqallanib, dunyo nazariga tusha boshladi. XV asr tilimizning eng gullagan davri edi, desam adashmayman. Abdulla Oripovning ta’biri bilan aytadigan bo‘lsam:

Temur tig‘i yetmagan joyni

Qalam bilan oldi Alisher.

Tarixga yuzlanar ekanmiz, mustabid tuzum davrida o‘zbek tilining mavqeyini pasaytirishga urinishlar ko‘p bo‘ldi. Sobiq ittifoq davrida ona tiliga bo‘lgan bepisandlikka qaramay, xalqimiz o‘z milliy tilini saqlab qoldi.

1989 yil 21 oktyabrni tarix zarvaraqlariga “O‘zbekning qadri tiklangan kun” deb yozib qo‘ysa bo‘ladi. O‘sha kundan boshlab tilimizga bo‘lgan e’tibor kuchaysa kuchaydiki, ammo susaygani yo‘q.

Ayniqsa, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk marta o‘zbek tilida nutq so‘zlashi ona tlimizning nufuzini yanada oshirdi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan “Navoiy tili” deb e’tirof etadigan ona tilimizga nisbatan katta va muhim voqelik bo‘ldi. Tilimizga bo‘lgan e’tibor muhim darajaga ko‘tarilar ekan, yana bir qancha ishlar amalga oshirildi.

Jumladan:

- 21 oktyabr “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun ommaviy tadbir tarzida nishonlanadigan bo‘ldi;

- Barcha davlat struktura xodimlari uchun majburiy ravishda lotin yozuvini o‘rganish kurslari tashkil qilindi;

- davlat boshqaruv organlaridagi barcha hujjatlar lotin yozuvida yuritilmoqda;

- viloyat, shahar, tuman hokimlariga maslahatchisi joriy etildi;

- toponimik ob’yekt nomlari tashqi reklama vositalari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, lotin yozuvida yozilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bunday yuksak jasorat bilan qilingan ishlarni biz yoshlar davom ettirishimiz kerak. Chunki yillar o‘tib, qaysi yurtning farzandlari o‘qishni to‘xtatsa, o‘sha til yo‘qolib ketadi. Shu sababli tilimizni yot g‘oyalardan saqlashimiz kerak.

Feruza Maxammatova,

Samarqand shahridagi

69-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.