Tili, urfi, bayrami boshqachaAmmo hammasi samarqandlik

Samarqandda turli millat vakillari millati, dinidan qat’i nazar og‘a inidek, inoq bo‘lib yashab kelmoqdalar. Hatto boshqa millat vakillari bir biri bilan quda-anda bo‘lishgan. Ularning farzandlari shu vatanda tug‘ilib voyaga yetmoqdalar. Ular uchun O‘zbekiston vatan, kindik qoni tukilgan joy bo‘lib qoldi. Ayni paytla viloyatimizda tatar, arab, turkman, arman kabi millatlarni o‘zida jam aylagan 11 ta milliy madaniy markazlar faoliyat olib bormoqdalar. Har bir millat boshqalarga o‘xshamagan udumlari, o‘ziga xos yashash tarzi bilan go‘zal. Viloyatimizda istiqomat qilayotgan millatlar orasidagi teng huquqlilik, har bir millatning urf-odatlari, milliy qadriyatlari, madaniyati, an’analariga, tili va udumlariga hurmat bilan qarash tamoyillari qonun yo‘li bilan kafolatlangan.

Ko‘pkaridan sovrinsiz qaytishmaydi

Samarqand shahar va uning atrofidagi mahallalarda xususan, Samarqand  tumanidagi Bo‘zi, Chorshanba, Navbog‘chiyon va Xishrav qishloqlarda yashayotgan arablar tojik tili va tojik rasmu-rusumlari bilan yashab kelmoqda. Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanining Charxin,  Qo‘chqor, To‘rayev, Chimboyobod, Mirzo Dangalov,  O‘zbekiston, Xoncharvoq, Juma shahri va uning atrofidagi qishloqlarda yashayotgan arablar o‘zbek tilida gapiradilar. Xususan, Samarqand viloyati Ishtixon, Nurobod tumani, Kattaqo‘rg‘on shahri va tumani qishloqlarida ham ko‘p arablar mahalliy qishloqlar bilan o‘zbek tilida gapirib tinch-totuv yashab kelmoqda. Samarqand viloyatida 20 mingdan ziyod arab millati istiqomat qilishadi. Arab ovqatlari nafaqat bayramlarda, kundalik xayotda ham pishiriladi. Masalan, milliy taomlardan biri talbina - arpa unidan va tuya sutidan tayyorlanadi, asal, sariyog‘ solib ertalab tanovul qilinadi.

Kapsa - sabzi, baqlajon, kartoshka, piyoz, ko‘kat, qovoq, go‘sht, ziravorlar solib pishiriladi.

Biryani-bu ovqat oshga o‘xshab ketadi. Qo‘y go‘shti, guruch, sabzi piyoz, bulg‘or qalampiri, ziravorlar solib pishiriladi. Bu ovqat yozda bug‘lab pishiriladi. Qishda esa qovurilib tayyorlanadi..

- Arab milliy bayramlari Qurbon Hayit va Ramazon Hayit. Bundan tashqari O‘zbekiston dagi barcha bayramlarni biz ham keng nishonlaymiz, deydi. Akmaljon Muxtorov, Arab milliy madaniy markazi rais urinbosari.Bizni millat vakillari barcha sohalarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan mohir polvonlar ham talaygina. Agar ko‘pkariga borishsa sovrinsiz qaytishmaydi. Cho‘ponchilik ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan kasb. Keyingi yillar ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Ilm olishga, tilimizni o‘rganishga imkon berilmoqda. Hatto arab tili kurslari ochildi.

Xashni faqat erkaklar tanovul qiladi

- Arman millatining milliy bayramlaridan biri Vardavar - iyul oyida bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari 13 fevral, hosil bayrami bor, -  deydi markaz raisi Armen Der Avanesyans. - Nafaqat o‘zimizning milliy bayramlar, balki yurtimizdagi barcha bayramlarni oila davrasida ko‘tarinki kayfiyatda, keng nishonlaymiz. Milliy ovqatlarimizdan " Jingalak" armancha non. Dolma, xoravat kabilardir. Xash degan taomni faqat erkaklar tanovul qilishadi. To‘ylarimizni bir ajoyib odati bor, kelin-kuyov restoranga kirib kelishida ostonada ikkita likobcha qo‘yshadi, kim birinchi likobchani  bosib sindirsa,  o‘sha oilada ustun bo‘ladi deyishadi. Kuchari,  Shalaxo kabi  milliy raqslar to‘y-hashamlarda ijro etiladi. Duduk milliy cholg‘u asbobimiz.

Samarqandda yashayotgan ko‘plab millat vakillari bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning aksariyati o‘zbek tilida ham ravoln so‘zlashishiga guvoh bo‘ldik. O‘zaro hurmat, totuvlikda yashab kelayotgan yuzga yaqin millat va elatlarning urf-odatlari, an’analari ham saqlanib qolinayotir. Ushbu millat vakillari viloyatdagi 11 ta madaniy markazlar ostida birlashib, o‘z bayram va marosimlarini nishonlaydi. Samarqandda yaqinda tashkil etilib, barcha shart-sharoitlar ega bo‘lgan «Do‘stlik uyi» esa chin ma’noda ularni birlashtirib, har bir millatning qadriyatlarini avloddan-avlodga yetkazuvchi ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.

Munisa  ShAMSIYeVA.