Tilshunos oilasida kamol topgan olima

Tilshunoslikda shaxsiy namuna va ilmiy intilishlarning o‘rni beqiyos. O‘zbek tilshunosligida matn tilshunosligi bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni shakllantirayotgan, ilmiy maktab yaratish yo‘lida mehnat qilayotgan olima, filologiya fanlari doktori, professor Shaxnoza Turniyazova sohaning ana shunday vakillaridan biri sanaladi. U kishi o‘zining ilmiy izlanishlari va o‘ziga xos yondashuvlari bilan Samarqand davlat chet tillar institutida o‘zbek tilshunosligiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Shaxnoza Ne’matovnada ilmga chanqoqlik otasi, taniqli tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, o‘zbek derivatologiyasi maktabi asoschisi Ne’mat Qayumovich Turniyozovdan yuqqani tabiiy. Chunki u bolaligidan tilshunos olimlar davrasida, ilm va ma’rifat ruhida tarbiya topdi. Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetining lingvistika-o‘zbek tili yo‘nalishida tahsil oldi.

Oliygohni bitirgach, tilshunoslikning chuqur nazariy masalalarini o‘rganishga bel bog‘ladi. “Hozirgi o‘zbek tilida matn shakllanishining derivatsion xususiyatlari” mavzusida nomzodlik, keyinchalik “Matn derivatsiyasida leksik vositalarning o‘rni” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Bugun professor ilmiy darajasiga erishgan olima Samarqand davlat chet tillar institutining o‘zbek tili, jurnalistika va kompyuter lingvistikasi kafedrasida faoliyat yuritmoqda. Pedagogik jamoa yetakchisi, talabalarning mehribon va talabchan ustozi sifatida “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, “Tillar tipologiyasi”, “Turkiy filologiyaga kirish”, “Umumiy tilshunoslik” fanlaridan o‘zbek va rus guruhlariga ma’ruzalar o‘qiydi. Har bir ma’ruzasi talabalarni ilmiy izlanish va mustaqil fikrlashga undamoqda. 20 nafarga yaqin doktorant va tayanch doktorantlarning izlanishlariga ilmiy rahbarlik qilyapti.

- Ustoz bizni tinimsiz izlanishga da’vat etadi, - deydi institut tayanch doktoranti Hilola Egamberdiyeva. – Ilm avvalo, sohaga muhabbatni, sabr-toqatni talab etishini ta’kidlaydi. Muhimi, u kishidan saboq olgan talaba ilmga befarq bo‘lolmaydi. Chunki domla har bir shogirdining ilmiy mavzulariga sinchkovlik bilan yondashadi. Erishgan muvaffaqiyatlarimizni ko‘rib, dildan quvonadi.

Sh.Turniyazovaning ilmiy izlanishlari, xususan, matn tilshunosligi va o‘zbek tili derivatsiyasiga bag‘ishlangan tadqiqotlari - “Lingvistik nazariyalar”, “O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi” nomli uslubiy qo‘llanmalari, “Matn derivatsiyasida leksik va morfologik vositalar” hamda “O‘zbek tili derivatsion sintaksisiga kirish” kabi monografiyalari sohada yangi nazariy yondashuvlarning rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Domlaning 100 dan ortiq ilmiy maqolalari respublika va xorijning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etildi. Xalqaro va respublika ilmiy konferensiyalaridagi ma’ruzalari tilshunoslikning dolzarb masalalariga yechim bo‘layotir. Olimaning mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda ishlashi ham alohida e’tiborga molik.

Rustam SAMANDAROV.