TIV Primore o‘lkasiga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Primore o‘lkasi hududida bo‘lib turgan yoki u yerga bormoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi.

O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020 yilda Primore o‘lkasi hududida patent asosida ishlaydigan chet ellik ishchilardan transport sohasida foydalanishga taqiq qo‘yiladi.

Tegishli №71-PG-son qaror Gubernator Oleg Kojemyako tomonidan 2019 yil 12 sentyabr kuni imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, chet ellik fuqarolarning shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobuslar, tramvay, trolleybus va taksi haydovchisi sifatida ishlashlari taqiqlanadi. Sayyohlik va ekskursiya yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritadigan, ijaraga olingan avtobus haydovchilari bundan mustasno.

Shu munosabat bilan Konsullik-huquqiy departamenti Rossiya hududida bo‘lib turgan va Primore o‘lkasiga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarimizga yuqorida ko‘rsatilgan taqiqlarni hisobga olishlarini so‘raydi.