TIV Qozog‘istonda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi Qozog‘istonda bo‘lib turgan hamyurtlarimizga murojaat qildi.

Koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab tahdid solib turgan bir paytda, yurtimizda ushbu infeksiya tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Vatanimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha imkoniyatlar ishga solinib, zarur va qat’iy choralar amalga oshirilayotgan bir vaqtda fuqarolarimiz ham ushbu jarayonga mas’uliyat bilan yondashishlarini so‘raymiz.

Ko‘rilayotgan choralardan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarimizning hayotini saqlab qolish, ularning xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlash.

Shunga qaramay, ba’zi kimsalar tomonidan Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan vatandoshlar o‘rtasida yolg‘on va asossiz xabarlar tarqatilmoqda.

“Yuqoridagini inobatga olib, turli yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslik, karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘lig‘iga befarq bo‘lmaslikka chaqiramiz”, deyiladi TIV xabarida.