TIV Turkiyada majburan ushlab turilgan o‘zbekistonlik ayol bo‘yicha ma’lumot berdi

Tashqi ishlar vazirligi konsullik-huquqiy departamenti o‘zbekistonlik ayol Turkiyaning Jivril shahrida majburan ushlab turilgani haqidagi xabarga izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Anqara shahridagi Elchixonasi voqea yuzasidan Turkiya Respublikasining vakolatli idoralariga rasmiy murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, Sh.X. Turkiya fuqarosi J.Ch.ga turmushga chiqish uchun 2020 yil 14 noyabrda Turkiyaga kelgan. Qisqa muddat birga yashagandan so‘ng u oilaviy hayoti va ijtimoiy sharoitidan norozi ekanligi, shuningdek, onasining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.

Elchixonaning xabar berishicha, hozirgi kunda fuqaro Sh.X. Denizli viloyatidagi ixtisoslashgan shifoxonalardan birida koronavirus infeksiyasidan davolanmoqda. Shu sababli u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkoniyati mavjud emas.

Denizli viloyati jandarmeriyasining ma’lumotlariga ko‘ra, bemorning ahvoli yaxshi deb baholangan. Uning tanasida hech qanday jarohat aniqlanmagan.

Bundan tashqari, ushbu holat Denizli viloyati prokuraturasining maxsus nazoratiga olingan, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonning Turkiyadagi Elchixonasining doimiy nazoratida, vakolatli organlar va davolanayotgan tibbiyot muassasasi bilan aloqa o‘rnatilgan.