Tohir Vohidov: Men orzu qilgan yutuqni farzandim qo‘lga kiritdi
Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston jamoasi ilk bor chempion bo‘ldi. Bu tarixiy g‘alabada terma jamoamiz safida bo‘lgan samarqandlik shaxmatchi Jahongir Vohidovning hissasi katta. U o‘yin so‘ngida 60-yurishga kelib, niderlandiyalik Maks Varmerdamni taslim etdi va O‘zbekiston chempion bo‘ldi.
Jahongir individual natijalar bo‘yicha 4-doskada o‘ynagan shaxmatchilar orasida ham tengsiz deb topildi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Uning bu g‘alabasi ota-onasi, yaqinlari hamda butun O‘zbekiston uchun unutilmas voqea bo‘ldi. Shaxmatchimiz erishgan g‘alabadan so‘ng uning yaqinlari bilan suhbatlashdik.
- Shaxmatchilar oilasimiz. Turmush o‘rtog‘im ham, bolalarim ham shaxmatchi, – deydi Jahongirning otasi Tohir Vohidov. – Men ham O‘zbekiston va Osiyo chempionatlari sovrindori bo‘lganman. Ammo jahon chempionatida bunday tarixiy natijaga erishish nasib qilmagandi. Mana, ko‘p yildan beri niyat qilib yurgan yutuqqa butun O‘zbekiston erishdi. Quvonchimiz cheksiz, buni tasvirlab berolmayman. Shaxmatchi Rustam Qosimjonovga havas qilib, o‘g‘limga o‘zim, turmush o‘rtog‘im va amakisi ustozlik qildi. O‘g‘lim bilan faxrlanaman, jahon chempioni bo‘lib, yuzimizni yorug‘ qildi. Mana shunday imkoniyatlarni yoshlarga yaratib berayotgan Prezidentimizga rahmat!
Shaxmatchining amakisi hamda ustozi Abduvahob Vohidov taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, u erishgan yutuq, qo‘lga kiritgan medal o‘zbek xalqining yutug‘i, medali, deya e’tirof etdi.
- Jahongirga har doim chempion bo‘lasan, marrani katta ol, deya uqtirardim, - deydi A.Vohidov. – Yoshligidan intiluvchanligi sababli O‘zbekiston chempioni, Osiyo va xalqaro musobaqalar sovrindori bo‘ldi. Uning Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi yutug‘i xalqimiz uchun faxrdir. Prezidentimiz musobaqadan so‘ng olimpiadada chempionlikni qo‘lga kiritgan jamoamiz bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni ushbu buyuk g‘alaba bilan tabrikladi. Rosti, davlatimiz rahbari Jahongir bilan suhbatlashib, uning yutug‘ini alohida e’tirof etganlarida ko‘zimga yosh keldi. Menimcha, ustozga shogirdining mana shunday buyuk yutug‘ini, e’tirofini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.
Fazliddin Ro‘ziboyev.