Tolib akaning limonlari oilasiga daromad keltiryapti

Tolib akaning asl kasbi haydovchi. U 35 yildan buyon yuk mashinasi haydaydi. Ammo bu unga issiqxonadan qo‘shimcha daromad olishiga xalaqit bermaydi.
- Issiqxonamda limonzor tashkil etganimda hali qishlog‘imizda bu ish bilan hech kim qiziqmasdi, - deydi Oqdaryo tumani Kumushkent mahallasida yashovchi Tolib Tirkashev. – Dastlab yarim sotix yerga issiqxona qurib, 10 tup limon ekdim va qator oralarida pomidor, bodring yetishtirdim. O‘sha yili bir mavsumda 500 ming so‘m foyda qilgandim - bu katta pul edi.
Oradan uch yil o‘tgach, Tolib aka 2 sotix joyga issiqxona qurdi. Bu yerda 22 tup limon daraxt ko‘chati bilan birga turli ko‘katlar ekdi. Hozirgacha har hafta shivit, ko‘k piyoz, sarimsoqpiyoz olib bozorga chiqarmoqda. Bu ishda turmush o‘rtog‘i Sayyora opa hamda farzandlari yaqindan yordam bermoqda.
- O‘tgan yili issiqxonamdan 1 tonnadan ziyod limon hosili oldim, - deydi T.Tirkashev. - Foydasi 8 million so‘m bo‘ldi. Ikki yildan buyon apelsin va mandarin daraxtini parvarish qilyapman. Rivojlanishi yaxshi, nasib bo‘lsa, bu yil hosilga kiradi.
Tolib akani tomorqasidan «tilla topayotgan» dehqon deyish mumkin. Chunki hovlisidagi issiqxonadan tashqari kaftdek yerda 30 dan ziyod o‘rik, shaftoli, gilos, olma, yong‘oq kabi mevali daraxtlarni parvarish qiladi. Shu bog‘ tufayli har yili ro‘zg‘origa kamida 5-6 million so‘m daromad keladi. Erta bahorda daraxtlar ostiga piyoz, sarimsoqpiyoz, ko‘kat urug‘lari ekib, may oyi o‘rtalarigacha bularni yig‘ishtirib oladi.
- Hovlisida 5-6 sotix tomorqa yeri bo‘lsa-da unumli foydalanmayotgan kishilarni ko‘rsam g‘azabim keladi, - deydi Tolib aka. – Yerdan foydalanmaslik uvol. Hech bo‘lmasa ro‘zg‘ori uchun kerakli sabzavotlar yetishtirishga ham hafsala qilmaganni kechirib bo‘lmaydi. Ayniqsa, bugungi karantin paytida tomorqadan o‘rinli foydalanish kerak-ku.
Tolib aka tomorqa daromadidan «Neksiya» sotib oldi. Katta qizini uzatdi, o‘g‘liga shinam uy quryapti. Bu yilgi daromadini yig‘ib, kelasi yil ikki o‘g‘lini uylantirishni niyat qilgan.
Dilmurod TO‘XTAYeV.