Tolibon AQShning afg‘on zaxiralarini Shveysariyaga o‘tkazish qarorini xalqaro huquqning buzilishi deb atadi
AQShning Afg‘onistonning 3,5 milliard dollarlik zaxiralarini Shveysariyaga o‘tkazish va ularni afg‘on aholisiga maqsadli to‘lovlar uchun ishlatish to‘g‘risidagi qarori xalqaro huquqni buzish hisoblanadi, deyiladi “Tolibon” bayonotida.
"Ushbu zaxiralardan hech qachon hech qanday to‘lovlar uchun ishlatib bo‘lmaydi. Bu zaxiralarni afg‘on xalqining roziligisiz boshqa maqsadlarga sarflash AQSh tomonidan Afg‘onistonning iqtisodiy barqarorligiga qarshi qilingan salbiy qadamdir", - deyiladi Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Abdul Kahar Balxiy ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida.
"Afg‘on xalqining boyliklarini boshqa davlatga majburan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuning uchun biz barcha xalq va tomonlarni bu noqonuniy va repressiv harakatlarni qoralab, afg‘on xalqini bu borada qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz", deyiladi hujjatda.
Qayd etilishicha, Afg‘onistondagi gumanitar inqirozning asosiy sabablari “Amerikaning 20 yillik urushi, AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ma’muriyatda keng tarqalgan korrupsiya, hukumat almashgandan so‘ng investorlarning yangi ochilgan iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi Afg‘oniston va uning bank sektoriga qarshi sanksiyalardir.
Tolibon “agar zaxiralar afg‘onlarning qonuniy talablarini inobatga olmasdan sarflansa, Afg‘oniston Milliy banki zaxiralaridan noqonuniy foydalanilishiga hissa qo‘shayotgan barcha shaxslar, muassasalar va kompaniyalar faoliyatini taqiqlashga majbur bo‘ladi”, deb ta’kidlaydi.
“Biz Qo‘shma Shtatlarni afg‘on xalqi bank tizimlariga kirishi va iqtisodiyotini barqarorlashtirishi uchun zaxiralarni ochish va moliyaviy cheklovlarni olib tashlashga yana bir bor chaqiramiz”, deyiladi hujjatda.