"Tolibon" BMT missiyasining Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha hisobotini asossiz deb topdi

"Tolibon" harakati BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasining mamlakatdagi inson huquqlari mavzusidagi hisobotini tanqid qildi. Bu haqda “Tolibon” harakatining rasmiy vakili Zabiulla Mujohid ma’lum qildi, deya xabar beradi “Interfaks”.

U hisobot xulosalarini rad etib, ularni asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan deb atadi. "Mamlakatda o‘zboshimchalik bilan qotillik yoki hibsga olishlar yo‘q, - deydi Zabiulloh Mujohid. - Bunday qilmishni sodir etgan har qanday shaxs jinoyatchi hisoblanadi va shariat qonunlariga muvofiq jazolanadi". Harakat vakili BMT missiyasi hisobotini tashviqot, deb hisobladi.

Yanvar oyida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish "Tolibon" hukumatni qo‘lga olganidan beri 100 dan ortiq sobiq afg‘on rasmiylarini o‘ldirganini aytgan edi.

"Tolibon" Afg‘onistonni 2021 yil 15 avgustda egallab olgan. Hukumat va yuqori davlat apparatining muhim qismi mamlakatni tark etdi. Radikal guruh hukumat tepasiga kelgach, o‘rta va katta sinf o‘quvchilarining maktabga borishi, ayollarga erkak qarindoshisiz tibbiy xizmat ko‘rsatish, quruqlik va havoda sayohat qilishlari taqiqlangan.