To‘lov terminalidan xarid qilinganda sotuvchi onlayn nazorat-kassa mashinasidan ham chek berishi lozim

Yoshlar markazida viloyat davlat soliq boshqarmasi rahbariyati va hududdagi tadbirkorlik sub’yektlari vakillarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati keng tushuntirib berildi.

Xususan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan soliq islohotlari doirasida tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani, ayniqsa, halol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish, shuningdek, yashirin iqtisodiyotning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda savdo va umumiy ovqatlanish, avtotransportda tashish, uy-joy qurilishi va ta’mirlash, turarjoy xizmatlarini ko‘rsatish kabi sohalarda soliqdan qochish holatlari kuzatilayotgani alohida ta’kidlanib, tadbirkorlar nazorat-kassa mashinasi bo‘la turib, uni ishlatmaslik, xaridorlarga xarid cheki bermaslik ortidan soliqdan qochishga intilish holatlariga chek qo‘yishga chaqirildi.

Aytib o‘tish joizki, shu paytgacha viloyat davlat soliq organlari “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida ish yuritib, soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini ixtiyoriy va qulay tarzda bajarishi uchun imkon bergan. Xususan, profilaktik tadbirlarda soliq qonunchiligiga yo‘l qo‘ygan soliq to‘lovchilarga faqatgina ogohlantirishlar berilgan, xolos.

Tadbirda soliqdan qochish holatlari kuzatilayotgan tadbirkorlar yana bir bor ogohlantirildi.

Tadbirkorlar onlayn nazorat-kassa mashinasini ishlatish bilan bog‘liq duch kelayotgan muammolarini o‘rtaga tashlashdi. Aynan onlayn nazorat-kassa mashinalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mutaxassislari tomonidan ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda ayni paytda respublikamizning barcha hududlarida onlayn nazorat-kassa mashinalarining cheklarida aks ettirilgan QR-kod yoki fiskal belgi asosida sovrinli o‘yinlar o‘tkazilayotgani haqida ma’lumot berildi. Ushbu sovrinli o‘yinning navbatdagi tiraji aynan Samarqandda tashkil etilishi, samarqandliklarning yutuqli o‘yinda faol ishtirok etishi lozimligi ta’kidlandi.

- Ta’kidlash lozimki, to‘lov terminallari orqali xarid amalga oshirilganda beriladigan qog‘oz xarid cheki o‘ringa o‘tmaydi, - deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F.Axmedjanov. - U bank plastik kartochkasidan pul yechib olinganini tasdiqlovchi qog‘oz, xolos. Unda qanaqa mahsulot sotib olganingiz aks etmaydi. Shuning uchun sotuvchi onlayn nazorat-kassa mashinasidan chek berishi lozim. Ba’zi tadbirkorlar “bankda pul aylanmamiz 2 marta ko‘rinadiku”, deya e’tiroz bildirishi mumkin. Yo‘q onlayn nazorat-kassa mashinasida chek urilayotganda naqd yoki bank plastik kartasi orqali deya so‘rov chiqadi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.