«To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
“Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzuridagi «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 iyundan yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.
Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish hisoblanadi.
Guruhlar respublikaning barcha tuman (shahar)larida 2 nafardan (kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan tuman (shahar)larda 3 nafardan) ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida shakllantiriladi.
Guruh a’zolari 1 yil davomida o‘qish va ish jarayoniga salbiy ta’sir etmagan holda umumiy 360 soat vaqt mobaynida faoliyat olib boradi.