Tomorqadan 100 million so‘m daromad olayotganlar bor

Samarqand tumanidagi 74 ta mahallada qariyb 52 ming aholi xonadoni tasarrufida 3130 gektar tomorqa ekin maydoni mavjud.
Ushbu tomorqa maydonlaridan 2-3 marta hosil olish uchun tomorqada almashlab ekishni tizimli tashkil etish bo‘yicha mahallabay dasturlar ishlab chiqish orqali 2478 gektar tomorqa maydonlariga ertaki, takroriy va to‘qsonbosti usulida mahsulot yetishtirish rejalari ishlab chiqilgan. Tumanda yerga bo‘lgan munosabat, tomorqachilik tajribasi boshqa hududlar uchun o‘rnak. Shu bois yaqinda tomorqachilikni rivojlantirish va yerdan daromad olishni ko‘paytirishga bag‘ishlangan respublika seminari Samarqand tumanida o‘tkazilgani bejiz emas.
- Tumanimizdagi aholi tomorqalarida ekinlarni almashlab ekish orqali 2024 yilda 2478 gektar yerda ertagi, 2636 gektarda takroriy hamda 3005 gektar to‘qsonbosti usulida ekinlar ekildi, - deydi mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi boshlig‘i Ikrom Xuseynov. - Bu o‘tgan yilga nisbatan 6,8 foizga ko‘p. Aholi tomorqalaridan foydalanishni yanada yaxshilash maqsadida bu yil 52 mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtirildi. Jumladan, 25 tasi sabzavotchilikka, 6 tasi kartoshkachilikka, 18 tasi meva-bog‘dorchilikka, 3 tasi chorvachilikka ixtisoslashtirildi. 27,3 mingdan ortiq aholi tomorqada o‘zini-o‘zi band qilish orqali ish bilan ta’minlanadi.
Tumanda meva-sabzavot ko‘p yetishtiriladigan mahallalarda aholi tomorqalariga kompleks xizmat ko‘rsatishni tashkil etish uchun har bir sektorda bittadan tomorqa xizmati mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan jarayoni zanjir (kooperatsiya) usulida qamrab oluvchi yangi tizim joriy qilinib, aholi tomorqalari lider tadbirkorlarga biriktirildi. Ular tomorqachilarga yerni tayyorlash, sifatli urug‘ bilan ta’minlashdan tortib, mahsulotni xarid qilishgacha bo‘lgan jarayonnida yordam beradi. Tomorqachi esa yetishtirgan mahsulotini sotish haqida o‘ylamay faqat mehnat qilish, yuqori hosil olish va ekinlarga ishlov berish bilan shug‘ullanadi.
Natijada, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yil yakuni bilan aholi tomorqalarida 139 ming tonnadan ortiq mahsulot yetishtiriladi.
Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan, 1645 nafar fuqaroga ijara huquqi asosida dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish uchun 484 gektar yer maydoni ajratildi. Yoshlar bandligini ta’minlash va daromadini oshirish maqsadida o‘tgan yili 1642 nafar fuqaroga ijara huquqi asosida 485 gektar yer maydoni auksion orqali yoshlarga ajratib berildi.
- Jarqishloq mahallasi ko‘katchilikka ixtisoslashgan, - deydi mahalladagi hokim yordamchisi Adham Eshmatov. - 280 xonadon ko‘katchilik, 181 xonadon chorvachilik, 30 xonadon bog‘dorchilik, 21 xonadon tikuvchilik va boshqa faoliyat bilan shug‘ullanadi. 480 ta xonadon tasarrufida 40 gektar tomorqa maydoni bor va xonadonlarning 40 tasida issiqxona tashkil etilgan. Tomorqa xizmati tomonidan 859 million so‘m kredit ajratildi va 82 nafar aholi bandligi ta’minlandi. Boshqa manbalar hisobidan ham ehtiyoji bor fuqarolarga kredit mablag‘lari ajratildi. Aholi uch-to‘rt marotaba ekin ekish orqali tomorqadan yil davomida o‘rtacha 70-80 million so‘m daromad qiladi.
Mahalladagi issiqxonalarda asosan rediska, ko‘kat, ko‘k piyoz, kartoshka, pomidor, bodring yetishtirilarkan. Bu esa yil davomida issiqxonalar bo‘sh qolmasdan oilaga doimiy daromad kelishiga xizmat qiladi.
- 35 yildan buyon dehqonchilik qilaman, 10 yil oldin 8 sotix tomorqamda issiqxona tashkil etdim, - deydi Mardon Tohirov. – Oilada 8 kishimiz, barchamiz shu issiqxonada yerda qilamiz. O‘tgan yili 10 million so‘m kredit olib issiqxona plyonkasini yangiladik. Har yili oktyabr oyida yerni tayyorlab rediska ekamiz va yangi yil bayramigacha hosilni sotib, yanvarda yana rediska ekamiz. So‘ngra ikki marta ko‘kat ekiladi. Mahsulotni olib ketishdi. Ko‘katni ham shartnoma asosida uydan o‘zlari olib ketishadi. Oilaviy ishlab issiqxonadan yiliga 100 million so‘m daromad, shundan 70 million so‘m atrofida sof foyda olamiz. Bundan tashqari, chorvamiz bor, bu ham oilaga daromad.
Mahalla raisi Qobil Nasriyevning aytishicha, bu mahallada bekor odamning o‘zi yo‘q, erkaklar tomorqadan tashqari, ustachilik, payvandchilik, duradgorlik, bilan shug‘ullanadi. Ayollar kashtachilik, tikuvchilik, qizlar pishiriq tayyorlashni o‘rganadi. Bir necha yil oldin xorijga ishga ketishga qiziqish yuqori bo‘lgan bo‘lsa, hozir o‘zini o‘zi band qilish, tomorqachilarga imtiyozli kredit berilishi, uch tomonlama shartnoma tuzilishi natijasida chetga ishga ketuvchilar soni sezilarli kamaygan.
- Sentyabrda kuz boshlanishi bilan piyoz, rediska, ko‘kat ekib, yangi yil bayramigacha hosilni yig‘ib olamiz, - deydi tomorqachi Odil Xolboyev. – Yozda plyonkani olib tashlab ekin ekamiz. Tomorqachilarga ko‘mak bo‘lishi uchun “O‘rtashiq agro” korxonasi bilan shartnoma tuzilgan. “Agromir” korxonasi mahsulotni xarid qiladi. Oddiy aytganda dehqon yetishtirgan mahsulot xaridorsiz qolmaydi. 8 sotix issiqxonada ikki martadan rediska va ko‘katlar, keyin pomidor, bodring hosilidan 70-80 million so‘m daromad olamiz. Lekin doimiy ravishda dam oldirmasdan ekin ekaverish ham yerda hosilni pasaytiradi. Shuning uchun odatiy qo‘rada boqilgan emas, balki, tog‘da yurgan qo‘yning qiyidan keltirib issiqxonaga solamiz. Bu hosildorlikni oshirishga va yerning holatini tiklashga yordam beradi, begona o‘t chiqishining oldini oladi.
Shu mahallada yashovchi Jamol Hotamov 35 yildan buyon 3,5 sotix maydonida gul, pomidor, baqlajon va boshqa ko‘chatlar yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Avgustd ekilgan gul ko‘chatlari may oyida sotishga tayyor bo‘ladi. Shu kichik maydondan 40 million so‘mdan ortiq daromad qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda mahallada “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi fuqarolar bilan manzilli ishlash orqali 35 ta tadbirkorlik sub’yekti tashkil etish rejalashtirilgan. Buning natijasida 43 nafar fuqaro ishga joylashtiriladi, 13 nafar fuqaro mono-markazda o‘qitiladi. 45 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi asosida 216 million so‘m kredit ajratish, 11 oilani kambag‘allikdan chiqarish, 10 nafar yoshni kasb-hunarga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.