Tomorqaga karam ekib, qancha daromad qilish mumkin? Dehqon tajribasi
Oqdaryo tumani Pirimkent mahallasida istiqomat qilayotgan Ixtiyor Oltiboyev tomorqasini oilaning asosiy daromad manbaiga aylantirgan. U kishi tomorqadan to‘g‘ri foydalanib, bir yilda uch marta hosil olish bo‘yicha o‘ziga xos tajribaga ega.
- 30 sotixdan ortiq tomorqa yerimiz bor, - deydi I.Oltiboyev. - Yiliga 3 marta navbati bilan ismaloq karam, pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon va ko‘katlar ekib, hosil olamiz.
Tomorqadagi 7 sotixda ekkan karam yetilib qolgan. Kamida 10 tonna hosil olishni mo‘ljallab turibmiz. Shuningdek, issiqxonamiz ham bor. U yerda pomidor va bodring parvarishlayapmiz. Ayni kunlarda bodring pishib yetilgan, bozorga chiqarib sotyapmiz. Tomorqada oilaviy ishlaymiz, yiliga daromadimiz o‘rtacha 50-60 million so‘m atrofida bo‘ladi. Shuning orqasidan farzandlarimizni o‘qitib, to‘ylar qilyapmiz.
Baxtiyor Mustanov.