Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tomorqangizga nima ekdingiz, birodar?

Prezidentimiz yerdan, xususan, tomorqadan oqilona foydalanish haqida ko‘p bora takrorlamoqda. Xo‘sh, nega? Buning zamirida sizu bizni bugungidan-da to‘q hamda farovon yashashimiz, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlab, xorij mahsulotlariga ko‘z tikmasdan, balki eksportni ko‘paytirish, daromadni oshirish, odamlarimizning bugunidan rozi bo‘lib hayot kechirishi yotibdi.

Demak, bebaho boylik sanalgan tomorqadan unumli foydalanish lozim. Zero, “Olma pish, og‘zimga tush” qabilida kun kechiradigan payt emas. Bir parcha yerimiz bo‘lsa ham unga ko‘proq foyda keltiradigan, mo‘l va xaridorgir hosil beradigan ekin ekish zarur.

Paxtachi tumani tomorqachilari ekin maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha o‘ziga xos tajribaga ega. Buni Nahripay mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Ulash Shomurodov xonadonida bundan uch-to‘rt yil avval sinov tariqasida 4 sotixli issiqxona tashkil etilgan edi. Unda turli xil manzarali gullar yetishtirishning hadisini olgan xonadon ahli hozirda yiliga 40 million so‘m atrofida daromad olmoqda. Asqar Jiyanov xonadonida esa issiqxonada qulupnay yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Ayni kunlarda bozorga mahsulot yetkazib berish evaziga xonadon ahli yaxshigina foyda ko‘rmoqda.

Baxtiyor Soatov, Egamberdi Oripov xonadonida har mavsumda ko‘p miqdorda pomidor va bodring yetishtirilmoqda. Ilyos Soatov xonadonida esa to‘qsonbosti ekinlaridan yaxshi daromad olish tizimi shakllangan. Ular bir yilda 3-4 marta hosil olib, 15 million so‘mgacha daromad qilmoqda ekan.

Tomorqa – har bir oilaning xazina manbai. Qolaversa, bir parcha yerning farzandlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida ham unutmaslik kerak. Avvalo, tomorqada inson halol mehnatga o‘rganadi. Bir parcha yerga mehr berolmagan insonning hayotga munosabati ham bundan yaxshiroq bo‘lmasligi mumkin. Tomorqadan foydalanish madaniyati qancha oshsa, yurtimizda turmush madaniyati ham shuncha yuksaladi.

Shomirza Safarov,

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Samarqand viloyati kengashi raisi o‘rinbosari.