"Tonirovka"ga ruxsat olishda vositachilar xizmatidan foydalanmagan ma’qul

Joriy yilning 2 oktyabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, joriy yilning may oyida 46 yoshli Shavkat R. 34 yoshli Abdurasul N.ning ishonchiga kirib, Toshkent viloyati IIBB YHXBda tanishlari borligini aytadi va avtomobil uchun tonirovkaga ruxsat, "chiroyli" davlat raqami olib berishni va’da qiladi.

Buning uchun Shavkat R. Abdurasul N.dan 22 million so‘m olgan. Ammo o‘z va’dasida turmasdan, pullarni ehtiyojiga sarflab yuborgan. Ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi ("Firibgarlik") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

"Hurmatli fuqarolar! Ishonuvchanligingizdan foydalanmoqchi bo‘lgan notanish odamlardan ehtiyot bo‘ling. Avtomobil oynalarining tusini o‘zgartirish uchun ruxsatnomani va davlat raqamini xarid qilish uchun tegishli idoralarga rasman murojaat qiling", deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.