To‘rt viloyat sport murabbiylari Samarqandda malaka oshiryapti

Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish markazi Samarqand filiali tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Bu yerda Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlaridagi ta’lim-tarbiya muassasalarida faoliyat yuritayotgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, murabbiylar kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini oshirmoqda.

Har yili o‘rtacha 3 mingdan ziyod jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislar o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashadi.

Filial uchun alohida bino ajratilib, 4 ta kafedra va professor-o‘qituvchilar tarkibi shakllantirildi. Belgilangan o‘quv reja asosida ishchi o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy majmualar tayyorlandi. Ayni paytda filialimizda 50 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar mehnat qilmoqda. 2020 yilda professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan 9 ta o‘quv qo‘llanma, 14 ta uslubiy qo‘llanma, 16 ta uslubiy ishlanmalar tayyorlandi, yuzdan ortiq maqola va tezislar chop etildi.

Filial professor-o‘qituvchilari “O‘zbekistonda jismoniy madaniyat tizimining holatini o‘rganish va uni yanada takomillashtirish” mavzusida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Samarqand davlat chet tillar instituti olimlari bilan hamkorlikda “Jismoniy madaniyat sohasining davlat tilidagi tushuncha va atamalari”ni ishlab chiqildi. Ruscha-o‘zbekcha, inglizcha, ispancha lug‘atlar tayyorlandi, lug‘atning nemischa, fransuzcha va xitoycha variantlari ustida ish olib borilmoqda.

Ammo, amalga oshirilayotgan ishlarimiz davr talablaridan orqada qolayotganligini ham tan olishimiz lozim. Muammo va kamchiliklarimizni bartaraf etishimiz uchun o‘quv moddiy bazamizni mustahkamlash, sport turlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazadigan talablar darajasidagi sport kompleksiga ega bo‘lishimiz, axborot resurs markazini mutaxassislik yo‘nalishidagi o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, tinglovchilar uchun mo‘ljallangan 100 o‘rinli yotoqxonani ta’mirlash, qo‘shimcha turarjoyni barpo etish, o‘quv binolarini isitish tizimini ta’mirlash kabi mas’uliyatli vazifalar oldimizda turibdi. Ayni paytda ushbu muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

U.Mamarasulov,

filial direktori.