Toshkent - Buxoro - Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi endi Jizzaxga ham to‘xtaydi

Ha, Samarqanddan Jizzaxga boruvchi yo‘lovchilar endi “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi orqali qisqa vaqt ichida Jizzaxga borishlari mumkin.
Chunki 2019 yil 2 fevraldan boshlab, Toshkent — Buxoro — Toshkent yo‘nalishida yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin qilayotgan №762/761 “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poyezdlari Jizzax vokzalida 2 daqiqa to‘xtashi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur zamonaviy poyezdlar harakat jadvaliga o‘zgartirish kiritishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar hamda investorlarga keng qulayliklar yaratish, qolaversa, yo‘lovchilarga sifatli transport xizmatlarini ko‘rsatish, bundan tashqari, ko‘p sonli yo‘lovchilarning talab va istaklarini amalga oshirishdan iboratdir.

2019 yilning 2 fevral sanasidan boshlab, Toshkent — Buxoro yo‘nalishida harakatlanadigan №762 “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi Toshkent vokzalidan soat 07.28 da harakatini boshlaydi va Jizzax vokzaliga soat 08.54 da kirib boradi. U yerdan harakatini soat 08.56 da davom ettiradi. Samarqand vokzaliga soat 09.42 da kirib boradi hamda 09.50 da yana yo‘lga tushadi. Navoiy vokzaliga esa soat 10.40 da kirib boradi va 2 daqiqadan so‘ng harakatini davom ettirib, soat 11.19 da Buxoro vokzaliga kirib boradi.

Shuningdek, Buxoro — Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan №761 “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi Buxoro vokzalidan soat 15.50 da yo‘lga tushadi. Soat 16.27 da Navoiy vokzaliga kirib keladi va soat 16.29 da harakatini davom ettiradi. Samarqand vokzaliga soat 17.20 da kirib keladi hamda soat 17.28 da yana yo‘lga tushadi. Jizzax vokzaliga esa soat 18.14 da kirib keladi va ushbu vokzaldan soat 18.16 da harakatini boshlaydigan poyezd soat 19.44 da Toshkent markaziy vokzalida bo‘ladi.

Manba: xs.uz