Past Darg‘omda 44 yoshli fuqaroni poyezd urib ketdi. Buning aybdori kim?

Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent – Samarqand – Buxoro” yo‘nalishida qatnovchi “Sharq” yo‘lovchi poyezdining Juma temir yo‘l bekatida Past Darg‘om tumani Furqat mahallasida yashagan 1977 yilda tug‘ilgan S.S.ni poyezd urib ketganligi haqida xabar berilgan edi.

Temir yo‘lni belgilanmagan joyidan o‘tish vaqtida fuqaro o‘z ehtiyotsizligi tufayli bel, qo‘l va oyoq qismlaridan tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Sodir bo‘lgan ushbu hodisa va bu kabi ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish maqsadida respublika transport prokurori M.Xo‘jayev, IIV transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i R.Toshpo‘latov hamda tegishli mutasaddilar Samarqand viloyati hududidan o‘tgan temir yo‘llarda yo‘lovchilar va poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash borasida jamoatchilik bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda yuqoridagi holat hamda hozirgi kunda temir yo‘llarga tosh bo‘laklarini qo‘yish, vagon oynalariga tosh otish, temir yo‘l atrofida chorva mollarini boqish, belgilanmagan joylardan kesib o‘tish, temir yo‘l jihozlariga shikast yetkazish kabi huquqbuzarliklar hamda sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar muhokama qilindi.