Toshkentda zilziladan zarar yetgan qo‘p qavatli uy bo‘yicha da’vo arizasi kiritildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan ko‘p qavatli binolarning birida kecha zilzila oqibatida fasad qismiga zarar yetkazilgani yuzasidan video tarqaldi.
Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati tomonidan qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga tegishli so‘rov yuborildi.
Qayd etilishicha, Yashnobod tumanida qad roslagan "FIRST DEVELOPING GROUP" MChJga tegishli ob’yektlarning biriga g‘isht ishlab chiqaruvchi "STONE BRICK" MChJ tomonidan sifatsiz g‘isht mahsulotlari yetkazib berilishi oqibatida mazkur holat yuzaga kelgan. Ayni kunda buyurtmachi tomonidan sud organlariga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida da’vo arizasi kiritilgan. Binoning fasad qismini ta’mirlash ishlari aprel oyida to‘liq yakunlanishi belgilab olingan.
Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 1298 ishonch raqamiga ayni kunlarda zilzila oqibatida vayron bo‘lgan yoki zarar yetkazilgan binolar haqida murojaat kelib tushmaganligi ma’lum qilingan.