Total Eren kompaniyasi Samarqandda quyosh elektrostansiyasini quradi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB), Yevropa investitsiya banki (YeIB) va Proparco (Agence Française de Développement sho‘’ba kompaniyasi) O‘zbekistondagi birinchi Total Eren loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun 87,4 mln. yevro ajratmoqda.
Ushbu mablag‘lar Samarqand shahri yaqinida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurish va ishga tushirish uchun sarflanadi, deya YeTTB matbuot xizmati Gazeta.uz ga xabar berdi.
Loyiha kompaniyasi Tutly Solar (Total Erengategishli) tomonidan ajratilayotgan moliyalashtirish to‘plami 43,7 mln. yevro miqdoridagi YeIB krediti hamda YeTTB va Proparco kompaniyalarining taxminan 21,8 mln. yevro miqdoridagi kreditlaridan iborat.
«Bu mamlakatdagi qayta tiklanadigan energetikaning birinchi xususiy loyihalaridan biridir. Hozirda qazilma yoqilg‘i elektr stansiyalari ustun bo‘lgan O‘zbekistonda energiya balansini diversifikatsiya qilishga yordam beradi», deyiladi bayonotda.
Loyiha har yili chiqarilayotgan zararli gazlarning karbonad angidrid ekvivalentini 160 ming tonnaga kamaytirishga va qo‘shimcha 270 GVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarishga yordam berishi kutilmoqda.
Ishga tushirilgandan so‘ng Tutly Solar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 25 yil muddatdagi elektr energiyasini sotib olish shartnomasi asosida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»ga sotiladi.
Total Eren’ning Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurish rejalari 2019 yilda e’lon qilingan. Stansiya Nurobod tumanida joylashishi ko‘zda tutilgan.