To‘tiqush sotib olmaysizmi?
Orifjon Samarqandning Registon ko‘chasida joylashgan “Zoomagazin” do‘konidan to‘tiqush sotib olayotganda, bunchalik sarson-sargardon bo‘lishini bilmagandi! O‘ta noyob bir juft to‘tiqushni ozuqalari va qafasi bilan 5 100 000 so‘mga xarid qildi. U bu noyob qush zotidan nasl olmoqchi edi. Do‘kon xodimi bunga uni ishontirgandi.
Va’da amalga oshmagach, “Qush shaydosi” to‘tiqushlarni do‘konga qaytarishga qaror qildi va qaytardi ham. Tadbirkor “molini” qaytarib oldi, ammo pullarni egasiga qaytarishni paysalga solaverdi. Oradan uch oy o‘tsada, pullarini ololmagan xaridor Respublika Bosh Prokuraturasi ishonch telefoniga murojaat qildi. Ushbu murojaat Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi mutasaddilari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, qushlar allaqachon boshqa xaridorga sotib yuborilgan ekan. Amaldagi qonun talablariga ko‘ra, O.Karimovning faqat qushlar uchun to‘lagan 4 500 000 so‘m pullari do‘kon ma’muriyatidan to‘liq undirib berildi.
Gulchehra Berdiyorova.