Tosh yeydigan odamlar
20 yil ichida bir tonnadan ortiq tosh yegan 45 yoshli Tereza Vaydener ovqatlanish buzilishidan aziyat chekadi. “Bu mening o‘zimni qanday his qilishimga bog‘liq. Agar o‘zimni yomon his qilsam, men darhol tamaddi qilaman, negaki toshlar meni tinchlantiradi. Agar men uydagi zaxiramda toshlar borligini bilsam, o‘zimni yaxshi his qilaman”, deydi u jurnalistlarga.
“Tishlarim mustahkam, chunki men ko‘p yillar davomida tosh chaynaganman”, -qo‘shadi ayol. Keyinchalik Tereza eri uning bu g‘alati qaramligini yengib chiqishga yordam berganini aytgan - endi u kamroq tosh yeydi.
Erkak 20 yil davomida tonnalab tuproq yedi va tirik qoldi
Hindistonlik bu erkak yerdagi tuproqni yeyishga odatlanib qolgan va u 20 yil davomida kuniga kamida bir kilogramm tuproq o‘zlashtirganini da’vo qiladi. Bu haqda Newsflare xabar bermoqda.
Hindistonning Andra-Pradesh shtatida yashovchi Nukala Koteshvara Rao bu g‘alati odatini 28 yoshida boshlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u oddiy ovqatdan butunlay voz kechadigan va faqat yer tomonidan quvvatlanadigan kunlari bor. Raoning ta’kidlashicha, g‘alati parhez uning sog‘lig‘iga umuman zarar yetkazmaydi.
Xitoylik erkak 18 yil davomida qum yeb shishdan tuzalib ketdi
Xitoyning Szyansi provinsiyasida yashovchi 60 yoshli Shen Shoudong har kuni 3-4 oshqoshiq daryo qumini yeydi, deya xabar beradi “Sinxua”. Uning so‘zlariga ko‘ra, qumni 18 yil dori sifatida qabul qilib, u yog‘ hujayralari o‘smasi (liposarkoma) va oshqozon yarasi kasalligidan tuzalib ketgan.
Shen Shoudong jurnalistlarga 1988 yilda bir gazetada saraton kasalligidan shu tarzda xalos bo‘lgan odam haqida o‘qib, qum terapiyasini boshlashga qaror qilganini aytgan. Keyin daryodan bir oz qum yig‘ib, quduqdagi suv bilan yuvib bir necha qoshiq yegan. "Umumun olganda, menga ta’mi yoqdi", deb eslaydi Shen.
Ikki yillik shunday terapiyadan so‘ng u sog‘aya boshlaydi, mehnat qobiliyati tiklanadi va mahalliy bozorga farrosh bo‘lib ishga kiradi. Shen Shoudong yaqinda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan Shangrao shahridagi klinika shifokorlari unda oshqozon yarasining yengil shakli va buyrak yetishmovchiligini aniqlaydi. Bir nechta kichik o‘smalarni hisobga olmaganda, uning sog‘lig‘i juda qoniqarli.
***
Bu kabi (minerallar, toshlar, tuproq, kulni iste’mol qilish istagi) ovqatlanish buzilishi kasalligi - geofagiya deb ataladi. Shifokorlar bu mashg‘ulot inson oshqozonidan qon ketishi va organizmga turli xil parazitlarning kirib qolishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishadi: bunday odat taqlid qilib, o‘rganib olishga arzimaydi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.