To‘yda xizmat qilayotgan har bir san’atkorning litsenziyasi bo‘lishi kerak

Xalqimizning to‘y marosimlarini san’atkorlarsiz tasavvur qilish qiyin. Xushovoz xonandalarning kuy-qo‘shiqlari to‘ylarga o‘zgacha fayz bag‘ishlaydi. Biroq to‘ylarda xizmat qilayotgan san’atkorlarning barchasini ham tegishli tartibdagi hujjatga ega, deb bo‘lmaydi.

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida tegishli litsenziyasiz to‘y marosimlarida xizmat qilayotgan “san’atkor”lar aniqlanayotir. Jumladan, Samarqand shahridagi “Ko‘ksaroy” to‘yxonasida Sh.G‘. va N.S.larning noqonuniy faoliyati oshkor bo‘ldi. Bundan tashqari, S.S. va Sh.X.lar ham musiqa ovoz operatori sifatida to‘ylarda xizmat qilgan. Ammo ikkovi ham faoliyati uchun litsenziya olishni “unutib” qo‘yganlar toifasidan bo‘lib chiqdi.

Xo‘sh tumanlardagi nazorat tadbirlari qanday natija bermoqda? Masalan, Kattaqo‘rg‘on tumanidan M.M., toyloqlik N.B. to‘y marosimlarida hujjatsiz ravishda raqqosalik bilan shug‘ullanib kelgan. Ishtixonda esa T.I., N.X. va M.T.lar “Hafizabonu” to‘yxonasida litsenziyaga ega bo‘lmasdan xizmat ko‘rsatayotgani aniqlandi.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.