To‘ydan keyin kirgan aql

U mashinada davlatlararo yuk tashirdi. Bir oy uyda bo‘lsa, uch oy safarda.
Qo‘li pul ko‘ra boshlagach, bosar-tusarini bilmay qoldi. Pul topib, aql topmagan bunday odamlarning odatlari qiziq. Yo uyga zo‘r berishadi, yo to‘yga. U dovrug‘ qozonishni o‘g‘lining xatna to‘yidan boshlamoqchi bo‘ldi: "Mehmonlar mingtadan kam bo‘lmaydi, ertalab nahor osh, so‘ngra kurash, oqshom «vecher». Eshitganlarni og‘izlari ochilib qolsin…
Kayvonilar, qarindosh-urug‘ nasihat qilib uni hovuridan tushirmoqchi bo‘lishdi.
- To‘yni yuz-yuz ellik kishi ishtirokida nahor osh bilan ixchamgina o‘tkazsak ma’qul bo‘lardi, - dedi mahalla oqsoqoli.
- Men to‘y qilmoqchiman, sadaqa emas, - dedi u qaysarlik bilan. - To‘y meniki, pul meniki, qanday xohlasam, shunday o‘tkazaman.
- Dindan chiqsang ham, eldan chiqma, degan gap bor, sal pastroq tush, - dedi akasi ukasining kerilganiga g‘ashi kelib. – Ertangi kuningni, bolalaringni o‘yla, bir kunlik to‘y deb ularning rizqini qiyma.
- Nima, hasad qilyapsizlarmi? Odamlarga ham hayronsan, bor bo‘lsang, ko‘rolmaydi, yo‘q bo‘lsang berolmaydi, - dedi u yon bergisi kelmay.
To‘y maslahatiga chaqirilganlar unga gap uqtirish befoyda ekanligini anglab, qo‘l siltab chiqib ketdilar.
«…To‘ymisan to‘y bo‘ldi-da o‘ziyam. Bu yoqda nahor osh, bu yoqda kurash, «vecher». Sovrinlarni aytmaysanmi, toy, tana, mebel, televizor, gilam, uy-ro‘zg‘or buyumlari… o‘ziyam yuz ellik million so‘m ketdi-yov, hammasining og‘zi lang ochilib qoldi. E, qandingni ur, yigit!». U shunday shirin xayollar og‘ushida huzur qilib yonboshlab yotgandi, tinchini kirib kelgan o‘g‘illari buzdi.
- Nima gap? – dedi u norozi ohangda.
- Shartnoma pulini to‘lamasam imtihonga qo‘yishmasmish, - dedi universitetda o‘qiydigan o‘g‘li.
- Shuni nega avvalroq aytmading?
- Aytgandim, ukangning to‘yini o‘tkazib olaylik, deb unamadingiz.
Oraga kichik o‘g‘il qo‘shildi:
- Menga to‘ydan keyin kompyuter olib bermoqchiydingiz…
- Dadasi, to‘y bilan bo‘lib qaramabmiz, unning ham, yog‘ning ham tagi ko‘rinib
qolibdi, pul bersangiz...
Choy damlab kirgan xotinining bu gapi yarasiga tuz sepganday bo‘ldi.
- Pul? – u yeb qo‘ygudek vajohat bilan xotiniga o‘qraydi. – Qani o‘sha pul? Shovla ketsa ketsin, obro‘ ketmasin, deb garillagan sen emasmiding? – ko‘z oldiga o‘ylamasdan sovrulgan jaraq-jaraq pullar keldi. Xushkayfiyatdan asar ham qolmadi. Boshi gurs etib devorga urilganday bo‘ldi. «Eh, xom kalla, esiz pullar, qanday azob bilan topgandim-a?..
U qarshisida qora qozonni qanday qaynatishni o‘ylayotgan mushtipar xotiniga, orzulari chippakka chiqqan o‘g‘illariga mung‘ayib qaradi. Ko‘z yoshlarini yashirish uchun boshini changallab, yuzini o‘girdi.
Tog‘aymurod Shomurodov.