To‘ylarda kamchiqimlik, ixchamlik, marom va ma’naviyat ustuvor bo‘lishi kerak

Samarqand shahridagi yoshlar markazida mahalla raislari, imom-xatiblar, nuroniylar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, oila va xotin-qizlar bo‘limi xodimlari, ichki ishlar, soliq va madaniyat sohasi vakillari ishtirokida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda to‘y va marosimlarning mazmun-mohiyati, ularda milliy qadriyatlar va urf-odatlarni asrab-avaylash, ortiqcha hashamat va isrofgarchilikning oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Xolbek Kubayev hamda boshqa mutasaddilar to‘y va marosimlarda kuzatilayotgan dabdababozlik holatlari haqida fikr bildirib, bu kabi holatlar jamiyatdagi ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

Davra suhbatida ishtirokchilardan to‘y va marosimlarni ixcham o‘tkazish bilan bog‘liq fikr almashuv, taklif va mulohazalar tinglandi. Mahallalarda, ayniqsa yoshlar va oilalar o‘rtasida maromiylik, oddiylik va insonparvarlik kabi qadriyatlarni mustahkamlash, to‘y va tantanalarni mazmun jihatdan boy, lekin isrofsiz o‘tkazishga da’vat etish muhimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida Oila va xotin-qizlar viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi viloyat bo‘limi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, “Nuroniy” jamg‘armasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilliklari hamkorligida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Ushbu dastur doirasida jamiyatda maromiylik kayfiyatini shakllantirish, to‘y va marosimlarda milliy an’analarga xos odob-axloqni qaror toptirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari izchil davom ettiriladi.