Toyloq va Bulung‘ur tumanlarida “Zarbdor” tajribasi asosida shakllantirilgan “drayver” loyihalar amalga oshirilmoqda

Mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga qulaylik sifatida dastlab yo‘llar qurilishiga ahamiyat berilmoqda.
Toyloq tumanidagi “Qo‘shchinor” mahallasidagi 3 gektar maydonda barpo etilayotgan sanoat markazida zarur infratuzilmalar qurish ko‘zda tutilgan. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, kanalizatsiya va kommunikatsiya tarmoqlari qurish ishlari ko‘zda tutilgan. Hozirda “Samarqand mintaqaviy yo‘llar buyurtmasi xizmati” davlat muassasasi buyurtmasi asosida 475 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanib, “Tex nur kafolat” MChJ yo‘lsozlari tomonidan 425 metr uzunlikdagi yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizildi.
Shuningdek, Bulung‘ur tumani G‘o‘bdin mahallasi hududidagi tuman hokimligi zaxirasidagi 5 gektar yer maydonida 20 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalari uchun tashkil etilayotgan sanoat zonasi ham “Zarbdor” tajribasi asosida loyihalashtirilgan.
Iqtisodiy zonaga olib boradigan yo‘lning 530 metr qismi “Sam Shohinur qurilish” MChJ yo‘lchilari tomonidan asfaltlashtirildi, - deydi “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Mirzayev. – Mazkur loyihaning umumiy qiymati 336 million so‘mni tashkil etmoqda. Foydalanishga topshirilgan yo‘l qoplamasining kengligi 7 metr, asfalt-beton qoplamasi 7 santimetr, asosining qalinligi esa 12 santimetr qilib mustahkamlash ishlari bajarildi.
Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimi - “Zarbdor” tajribasi asosida “drayver” loyihalari asosida ishlar davom etmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.