Toyloqdagi “Ilk rivojlantirish markazi” xorijlik mutaxassislar e’tiborini tortdi
Toyloq tumanida kam ta’minlangan oila farzandlari, imkoniyati cheklangan, nutqida nuqsoni bor hamda alohida ta’limga ehtiyoji bor bolajonlar uchun “Ilk rivojlantirish markazi” tashkil etilgan edi.
Jahon banki bilan hamkorlikda ochilgan ushbu markazga YuNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasi doirasida delegatsiya a’zolari tashrif buyurdi.
Mehmonlar milliy qadriyatlarimizga xos tarzda kutib olindi va ular “Ilk rivojlantirish markazi” faoliyati, pedagoglar mahorati, ta’lim-tarbiya berish metodlari bilan tanishdi.
Loyihaning maqsadi va undan kutilayotgan natija, markazda yaratilgan shart-sharoit, pedagoglarning dars berish metodikasi meni juda quvontirdi, - deydi ugandalik mehmon Ted Diya. - Bolajonlarning kayfiyati va yuz-ko‘zlaridan ularga bo‘lgan e’tibor darajasini bilish qiyin emas.
Ma’lumot uchun: markazda jami 379 nafar tarbiyalanuvchilarga 21 nafar pedagog ta’lim bermoqda. Bu pedagoglar Maktabgacha ta’lim vazirligining mutaxassislari va psixologlari suhbatidan o‘tgan, seminar-treninglarda malakalarini oshirgan.
Markazda 1 nafar koordinator, 4 nafar mentor, 21 nafar pedagog va 9 nafar assistent va 1 nafar hamshira, jami 36 nafar xodim faoliyat olib bormoqda.