«Toza hudud» DUK Bulung‘ur tumani filiali xodimlari 20 million so‘m bilan mukofotlandi

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Sanitar tozalash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar o‘rtasida 2019 yil 1 sentyabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan hisobot davri bo‘yicha «Eng namunali chiqindi poligoni», «Eng namunali haydovchi va yuklovchi» va «Eng namunali va daromadli avtokorxona» yo‘nalishlarida tanlov tashkil etilib, u 2 bosqichda – hududiy va respublika miqyosida o‘tkazilgan edi.

Tanlovning Respublika bosqichida «Eng namunali va daromadli avtokorxona» yo‘nalishida 3-o‘rinni Samarqand viloyati «Toza hudud» DUK Bulung‘ur tumani filiali rahbari Akbar Mamarasulov qo‘lga kiritdi hamda 10 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shuningdek, «Eng namunali haydovchi va yuklovchi» nominatsiyasi bo‘yicha  Samarqand viloyati «Toza hudud» DUK Bulung‘ur tumani filiali haydovchisi – Tolibjon Ergashev va yuklovchi Qobiljon Qodirberdiyev 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, 10 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.