Trikotaj fabrikasining sabzavot “konveyeri”

O‘nlab to‘quv dastgohlari va tikuv mashinalari tinimsiz ishlab dunyo bozorida xaridorgir trikotaj kiyimlari ishlab chiqarilayotgan sanoat korxonasining yonginasida chinakam dehqon xo‘jaligiga xos manzara, uddaburonlik, ishchanlik va saranjom-sarishtalik, ochig‘i bizni hayratga soldi. Fabrikaning yordamchi xo‘jaligi deb atalayotgan salkam 1 gektarlik issiqxonada pomidor, bodring yetishtirilyaptiki, hosili ko‘zni quvontiradi. Undan sal nariroqda qoramol, qo‘y boqilayotgan chorvachilik fermasi... Hatto moslashtirilgan sun’iy suv havzasida baliq yetishtirilmoqda. Yetti xazinaning biri deb qaralayotgan parrandachilikni rivojlantirish maqsadida 1000 bosh zotdor tovuq ham parvarishlanyapti.

- Ehtiyotkorligimizdan ajablanmang, biz bu yordamchi xo‘jalikni ancha ilgari ko‘p mashaqqat chekib bo‘lsa-da joy-joyiga qo‘yib chiqqan edik, - deydi korxona bosh direktori Komila Rahimova. – Bugun pandemiya odamlar salomatligiga, butun dunyo iqtisodiyotiga, xususan, oziq-ovqat zaxiralarining xavfsizligiga xavf solib turgan bir sharoitda sanoat korxonasining ichida yordamchi xo‘jalik tuzganimiz har jihatdan o‘zini oqlayapti. Ishchi-xizmatchilarimizga bajargan asosiy ishlari uchun durustgina maoshni o‘z vaqtida kechiktirmay to‘lab boryapmiz. Ammo shu maosh qatorida tikuvchi yoki to‘quvchi qizlarimizga uyga olib borishlari uchun ehtiyojga qarab go‘sht, tuxum yoki sabzavot tarqatilmoqda. Bunday g‘amxo‘rlikdan keyin oddiy ishchining korxona taraqqiyotiga, istiqboliga daxldorligi, uning tashabbuskorligi, izlanuvchanligi yanada ortadi.

Bu Jomboy tumanidagi “Amin invest interneyshnl” qo‘shma korxonasida guvohi bo‘lganimiz, eshitganimiz va ko‘rganlarimiz asosidagi ibratli voqea. Pandemiya, karantin paytida barcha sanitariya va xavfsizlik talablariga qat’iy amal qilgan holda ishlab chiqarishini to‘xtatgani yo‘q. Salkam 500 kishini ish bilan ta’minlab, ichki va tashqi bozorga bejirim trikotaj mahsulotlari yetkazib berayotgan fabrikada bugun ham har bir ishchi, mutaxassis o‘z vazifasini sidqidil bajarishga, sifat masalasida buyurtmachilarga e’tiroz qoldirmaslikka harakat qiladi. Shu bois, fabrikada tayyorlanayotgan 30 xildagi mahsulotlarning asosiy qismi, ya’ni 80 foizi eksportga yo‘naltirilyapti.

Fabrika Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston singari davlatlarga yiliga 2,5-3 million AQSh dollari miqdorida trikotaj mahsulotlari yetkazib kelayotgan edi. Endi xorijiy buyurtmachilar ro‘yxatida yana 4 ta mamlakat paydo bo‘ldi. Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi savdo-sanoat guruhlari bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, ularning har biriga yiliga 5 million AQSh dollari miqdorida toza paxta matosidan tikilgan trikotaj eksport qilinadigan bo‘ldi.

Keyingi 5 oy mobaynida bu yerda trikotaj mahsulotlarining 5 ta yangi turi o‘zlashtirildi. Bundan tashqari, pandemiya, karantin sharoitida foydalaniladigan niqoblar va maxsus konbenzonlar ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi.

Zohir TO‘RAQULOV.